Uy-joy qurish uchun yer olsam bo‘ladimi?

Uy-joyga ehtiyojmand fuqarolarga yer beriladimi. Buning tartiblari qanday,  qaysi hududdan va necha sotix olish mumkin?

S.OLIMOV,

Past Darg‘om tumani. 

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 28 yanvardagi qarorida yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berish va yer uchastkalarini meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini berish tartibi belgilangan.

Ya’ni «E-IJRO AUKSION» yagona savdo maydonchasi orqali hududlarda auksionga qo‘yilgan yer uchastkalari bilan tanishib borish mumkin. O‘tkazilgan elektron auksion savdolariga ko‘ra, jismoniy va yuridik shaxslar elektron onlayn-auksion orqali yakka tartibda uy-joy qurish uchun bitta yer uchastkasini yilda bir marotaba sotib olishi mumkin. Yer uchastkalari faqat shaharsozlik hujjatlari (aholi punktining bosh rejasi va aholi punkti tegishli qismining batafsil rejasi loyihasi) bilan ta’minlangan aholi punktlari hududlarida beriladi (auksionga qo‘yiladi). Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar oilalariga va davlat va xususiy uy-joy fondidagi o‘zlari egallab turgan uy-joyni tuman (shahar) hokimliklariga o‘tkazayotgan fuqarolar va mulkdorlarga 0,04 gektargacha ularning arizalari asosida auksionsiz beriladi.

Yer uchastkasini berish bo‘yicha imtiyozlar bir oilaga bir marta (mulkdorning nomiga) beriladi va oilaning boshqa a’zolariga tatbiq etilmaydi. Yakka tartibda uy-joy qurish uchun yer uchastkasini olishga ariza tuman (shahar) hokimligiga beriladi.

Arizada buyurtmachilarning doimiy yashash joyi bo‘yicha uy-joy kadastr hujjati nusxasi (mavjud bo‘lgan taqdirda), yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan fuqarolar toifalarining birortasiga mansubligini tasdiqlovchi hujjat ilova qilinadi.

Savolga viloyat yer resurslari va davlat kadastri boshqarmasi matbuot kotibi Azamat NIShANOV javob berdi.