Uy sharoitida koronavirusdan davolanish uchun nima qilish kerak?

Uy sharoitida davolanayotgan bemorlar holidan oilaviy poliklinika shifokorlari xabar olib turganiga, ularga tegishli tavsiya va maslahatlarini berayotganiga qaramay, aholi vakillaridan koronavirusdan uy sharoitida davolanishning aniq tartib-taomillari va mexanizmlari to‘g‘risida bir qator savollar kelib tushmoqda.

Shularni inobatga olib, Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi Muhayyo Asilovaning ayni mavzudagi fikrlari bilan qiziqdi:

- Koronavirus hastaligining ilk bosqichlari simptomlarsiz va yengil darajasida uy sharoitida davolanishga ruxsat beriladi. Xususan, kontaktda bo‘lganlar va kasallikni simptomlarsiz kechuvidagi bemorlar turli vitaminlarni qabul qilib, sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilib, immun tizimini kuchaytirishi orqali kasallikni yengib o‘tishi mumkin.

Birinchi navbatda bunday bemorlar kam-kamdan, tez-tez yengil hazm bo‘ladigan ovqatlarni iste’mol qilishi zarur. Shuningdek, kuniga 3-4 litrdan ortiq turli xildagi suyuqliklarni ichish tavsiya etiladi. Sink  preparatlari bilan birga “Vitamin D3”, “Vitamin S” dorilarini qo‘llash mumkin. Dori vositalarini qancha iste’mol qilish bemorning yoshi, jismoniy holatidan kelib chiqib belgilanadi. Shuning uchun davolanishni boshlashdan avval oilaviy poliklinika shifokori bilan maslahatlashib, kerakli tavsiyalarni olish lozim.

Kasallikning yengil holatidagi bemorlarni uy sharoitida davolanishi umumiy amaliyot shifokorining doimiy nazorati ostida amalga oshirilishi kerak. Tana harorati 38 darajadan ko‘tarilganda “Paratsetamol” yoki “Ibuprofen” dorilarini ichish tavsiya qilinadi.

Bemorga yengil hazm bo‘ladigan ovqatlarni yeyish hamda kuniga 3-4 litrdan ortiq turli xildagi suyuqliklarni ichish samara beradi. Shuningdek, xastalikning bu davrida bemordan yengil jismoniy faollik va nafas mashqlarini bajarish, burun va tomoqni tez-tez chayish, zarurat paydo bo‘lganida dori vositalarini qo‘llash talab etiladi. Ayniqsa, ochiq havoda sayr qilish bemorning sog‘ligini tiklashda muhim o‘rin tutadi. Kasallikdan forig‘ bo‘lishda ruhiy xotirjamlik, tushkunlikka tushmaslikning ham ahamiyati beqiyos.

Sho‘ o‘rinda eslatib o‘tish kerak, bemorlarning o‘zboshimchalik bilan davolanish tartibini o‘zgartirishi yoki mutaxassis tavsiyasiga zid ravishda qo‘shimcha dori vositalarini qabul qilishi faqatgina salomatligiga zarar keltiradi. Shuning uchun umumiy tavsiyalar va shifokor so‘zlariga muntazam ravishda rioya qilishni unutmang.