Uydan ichida 8,5 ming dollar bo‘lgan seyfni o‘marib ketishdi
Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida fuqaroning seyfidan pul o‘g‘irlagan shaxslar qo‘lga olindi Bu haqda Tergov departamenti axborot xizmati ma’lum qildi.
Xabarda yozilishicha, noma’lum shaxslar Ravot mahallasida yashovchi 61 yoshli R.V.ning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda kirib, yotoqxonadan temir seyfni yashirin ravishda o‘g‘irlab ketishgan. Seyf ichida 8500 dollar bo‘lgan.
Hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilganida, 1 dona erkaklar bosh kiyimi va 2 dona erkaklar kurtkasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Bundan tashqari, dastlabki tergov jarayonida bir nafar guvoh hodisa joyida “Vaz-2106” rusumli avtomashina bo‘lganligi haqida ko‘rsatma bergan.
Shu asosida ushbu avtomashina egasi Sirdaryo viloyatida yashovchi 22 yoshli U.S.ga tegishliligi, uning 30 yoshli B.S. va 28 yoshli Sh.S. kabi sheriklari bo‘lganligi aniqlangan.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilmoqda.