Uyida qimorxona tashkil qilgan shaxs qo‘lga olindi
Joriy yilning 16 may kuni Andijon viloyati Xo‘jaobod tumani IIB xodimlari tomonidan tumanning Yangi hayot MFYda istiqomat qiluvchi Z.Sh.ning uyida qonunga xilof ravishda qimorxona tashkil etilganligi aniqlandi. Bu haqda IIV axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro Z.Sh. o‘zining yashash xonadonida 6 nafar mahalladoshlarini yig‘ib, ularga o‘yin kartasi orqali qimor o‘ynashlari uchun sharoit yaratib bergan va buning evaziga ulardan oldindan 5 000 so‘mdan jami 30 000 so‘m pul yig‘ib olgan. Shuningdek, har bir o‘ynalgan qimor o‘yini uchun 1 000 so‘mdan «cho‘tal» puli olib, qimor o‘yini o‘tkazayotgan vaqtida Xo‘jaobod tumani IIB xodimlari tomonidan ushlangan.
Voqea joyidan ashyoviy dalil sifatida 28 dona o‘yin kartalari, jami 290 000 so‘m pullar bayonnoma asosida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Xo‘jaobod tumani IIB huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.