Va’da qilingan uy qachon beriladi? Yoki bir muammo ortidan 15 oila mojarosi haqida
Nodira hali bolaligidanoq zarbalarga duch keldi. Birinchi marta - ota-onasi uni boqib olganini eshitganda. To‘g‘ri, ulardan yomonlik ko‘rmagan, ammo Nodirani asrab olishgach, ota-onasining o‘z farzandlari tug‘iladi. Oiladagi bu quvonchli hodisa vaqt, yillar o‘tgani sayin afsuski, o‘z quvonchini yo‘qota boshlaydi. Sababi, ba’zi so‘zi bilan dilga og‘riq berishdan toymaydiganlar qizchaning ularga o‘gay ekanligini oshkor qiladi, oiladagi haqiqiy farzandlar qulog‘iga ham opasi o‘gay ekanligi yetib boradi. Orada allaqanday ichki kelishmovchilik yuzaga keladi, qiz yakkalanib qoladi.
Keling, bu masalani muhokama qilmaylik, sababi, ana shu qiz bugun ikki nafar farzandning onasi va qariyb ko‘chada qolgan. Bugun 30 yoshni qoralab qo‘yayozgan juvon ikki turmushidan ham totuvlik topmaydi, aldovlarga, xiyonatga duch keladi. Natijada farzandlari bilan himoyaga muhtoj holda bugun oyiga 350 ming so‘m ijara haqi to‘lash sharti bilan shahardagi kollej yotoqxonalaridan birida istiqomat qilmoqda. Hozir ikki yoshga to‘lmagan farzandi uchun o‘zi tug‘ilib o‘sgan mahalladan olayotgan mablag‘i unga asqotib turibdi. Ammo keyin-chi?.. Qolaversa, bu yotoqxonada doim yashay olmaydi, bu yerdan ularni chiqarib yuborishlari mumkin.
Vaziyatni bilish maqsadida kollejga borib, Nodira Hamdamova bilan suhbatlashdik.
Nodiraga uy beriladimi, yo‘qmi?
- Ko‘rib turganingizdek, yotoqxonada na gaz, na suv bor, - deydi Nodira Hamdamova. – To‘g‘ri, elektr bor, ammo undayam uzilishlar bo‘lib turadi. Xonani isitish uchun qo‘yilgan elektr pechlar tortadigan quvvatni ko‘tarolmay sim, rozetkalar kuyib ketadi. Hojatxona ham, suv ham pastda. Ikki farzandim ham yosh, juda qiynalib ketdim. Qo‘l yuvishga sharoit yo‘q. To‘g‘ri, o‘zim tug‘ilib o‘sgan Samarqand tumaniga qarashli Urganji mahalla fuqarolar yig‘ini xotin-qizlar bilan ishlaydigan mutaxassis, mahalla faollari doim ahvolimdan xabar olib turibdi. Oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-kechak berib turishadi. Viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimovaning o‘zi ham ahvolimni ko‘rib, vaziyatni tushundi. Uy olish uchun hujjatlarimni to‘g‘rilashimni aytdi. O‘shanda bu mehribonchilikdan boshim osmonga yetgandi. Nahotki mening ham o‘z uyim bo‘lsa, deb xursand bo‘lgandim. Chunki 2017 yildan beri uy masalasida Samarqand tuman hokimligiga murojaat qilaman. Bu gapdan keyin hujjatlarimni olib, tuman xotin-qizlar qo‘mitasiga bordim. Afsuski, hujjatlarim shu paytga qadar viloyatga taqdim etilmagan ekan. Ularning munosabatidan so‘ng menga uy beriladimi, yo‘qmi, to‘g‘risi, tushunmay qoldim. Hozirgi ahvolimda, hatto yo‘lkira pulini topish ham men uchun juda qiyinligini ko‘rib-bilib yurganlar juda yaxshi bilishadi. Shukur, mahalladagilar ahvolimni bilib, tuman hokimligiga borish xarajatlarimni ham qoplab berishdi. Lekin men nima qilishim kerak, axir farzandlarim o‘z bag‘rimda, kasal bo‘lmay katta bo‘lishini istayman. Bu sharoit esa allaqachon sog‘lig‘imizni izdan chiqarib qo‘ymoqda.
N.Hamdamovaning aytishicha, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova ayolga uy olishi uchun albatta, yordam qilishini aytgan. Ammo mahalla faollari ko‘magida Samarqand tuman hokimiyati, xotin-qizlar qo‘mitasiga hujjatlarini olib borganda, ulardan bu borada aniq javob eshitmagan. Rostdan, Nodira Hamdamovaga uy beriladimi, yo‘qmi? U nega tuman mutasaddilaridan aniq javob ololmay yuribdi?
Tuman xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari bilan bu masalada gaplashganimizda «Nodiraga uy berilishi kerak, hujjatlarini viloyatga jo‘natdik», deb javob berishdi. Nahotki shu gapni o‘z vaqtida murojaatchiga yetkazib qo‘yishni iloji bo‘lmasa? Birgina shu aniqlik uchun Nodira Hamdamova doimiy ravishda o‘z ahvolidan shikoyat qilib, ariza yozishga majbur bo‘lmoqda. Qishning bir kuni ham juda uzoq tuyuladi. Ikki yosh bolali, sharoiti yo‘q yotoqxonada yashayotganlar uchun esa daqiqalar ham sanagulik.
To‘g‘ri, Nodira va u kabi yotoqxonada istiqomat qiluvchilar ushbu joyga ham viloyat hokimligining sa’y-harakatlari bilan ko‘chdi. Aks holda kim bilsin, ularning ahvoli ne kechardi?!
Sharoit yo‘q yotoqxonadagi oilalar
Yotoqxonani ko‘zdan kechirarkanmiz, bu yerda xuddi shu sharoitda 15 dan ziyod oila istiqomat qilayotganiga guvoh bo‘ldik. Hammasining o‘z tarixi, dardi bor.
- Otam bizni tashlab ketgan, onam turmush qilgach, o‘gay otam meni sig‘dirmadi, - deydi Zarina ismli 21 yoshli ayol. – Bu payti allaqachon bo‘y yetib qolgandim. Artur bilan tanishgach, turmush qurishga qaror qildim, u ham menga o‘xshab ko‘ngli yarim. Bolaligi tarbiyasi og‘ir bolalar maktab-internatida o‘tgan. Hozir ikki nafar farzandimiz bor. Ustachilik qilib pul topadi, ammo muqim ishda ishlamaydi. Temiryo‘lchilar yotoqxonasida ijara haqi to‘lab yashardik, ancha arzon va sharoitlari yaxshiroq edi u yerning. Afsuski, u yerni endi boshqa maqsadda ishlatisharkan, 20 dan ziyod oila viloyat hokimligiga murojaat qilganimizdan so‘ng, ushbu yotoqxonani berishdi. Bu yerda ijara haqi 350 ming so‘m, ammo sharoit yo‘q.
- Biz esa Namangan viloyatidan kelganmiz, - deydi yana bir oila boshlig‘i Nozimjon Xolmatov. – Taqdir taqozosiga ko‘ra, bir necha yildan beri Samarqandda yashaymiz. Ko‘rib turganingizday, sharoitlar haminqadar. Ammo kollej komendanti bu yerdan ham baribir chiqasizlar, deb aytib turibdi. Shahar bo‘ylab ijara kvartiralar narxi bilan qiziqib ko‘rdim. Bir million so‘mdan kami yo‘q. Oddiy novvoylikdan bunday pulni topolmasligim aniq. Buyog‘iga nima qilishga hayronman.
Tabiiyki, kollej yotoqxonasiga to‘satdan olib kelingan bu oilalar kollej ma’muriyati uchun ham tomdan tarasha tushganday hodisa bo‘ldi. Komendantning fikriga ko‘ra, bu yerda yashovchilardan yig‘iladigan pul elektr energiyasi uchun to‘lanadi. Ammo to‘lovlardan qarzdorlik oshib bormoqda. Sababi, oilalar xonani isitish uchun ovqat tayyorlash uchun elektr energiyasi ishlatishga majbur. Qarzdorlik oshib ketaversa, elektr energiyasi uzib qo‘yilishi ehtimoli bor.
Arzonlashtirilgan narxdagi ijara uylar qachon quriladi?
Xabaringiz bor, keyingi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga uy berilishi, bu masalada ayniqsa, nogironligi bo‘lgan, ko‘p farzandli, yakka-yolg‘iz ayollar e’tiborga olinishi mamlakatimizda aholining himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha olib borilayotan ishlarning uzviy bir qismidir. Uylar berila boshlagani hamono unga muhtojlar soni ham keskin ko‘payib ketayotganini bu masala bilan shug‘ullanuvchi mutasaddilar bot-bot takrorlamoqda.
Misol uchun, o‘tgan yili ijtimoiy himoyaga muhtoj 250 ga yaqin oilaga boshlang‘ich to‘lovi to‘lanib, uy ajratilgan edi. Bundan tashqari joylarda ijtimoiy uylar berildi, qanchadan-qancha oilalarga faqat foydalanish huquqi asosida uylar ajratildi.
Ammo bugun xotin-qizlar qo‘mitasida yana mingga yaqin shunday oila ro‘yxatda turibdi. Joriy yilgi rejaga asosan yana 240 oilaga imtiyozli uylar beriladi. Xo‘sh, qolgan 750 oila-chi? Ularning navbati qachon keladi? Agar har yili ro‘yxatga qo‘shiluvchilar soni ortadigan bo‘lsa, ularning uyga navbati qachon kelishini tasavvur qilish ham qiyin.
Yuqoridagi yotoqxonada, ijarada istiqomat qiluvchilar kam ta’minlangan oila bo‘lsa-da, ammo qo‘lida hunari, ba’zilarining kasbi bor. Bir million so‘m ijara puli to‘lash qobiliyatiga ega bo‘lmasa-da, har holda 300-400 ming so‘m ijara haqi berishga va buning uchun hech bo‘lmaganda, birinchi darajadagi shart-sharoitni talab qilishga haqi bor ularning. Bunday oilalar ko‘p. Ehtimol, mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar uchun arzonlashtirilgan tarzda ijaraga berish uchun mo‘ljallangan uylar qurilishi lozimdir. Axir butun dunyoda uy sotib olish katta xarajat sarf etiladigan xaridlardan biridir. Yuqorida kam ta’minlanganlar uchun beriladigan uylar haqida gap ketganda, garchi uning boshlang‘ich to‘lovi xotin-qizlar qo‘mitasi fondidan to‘lab berilsa-da, keyingi to‘lovi o‘sha oila a’zolarining o‘zlari tomonidan amalga oshirilishidan ko‘pchilik yaxshi xabardor bo‘lsa kerak. Ro‘yxatda turgan kishilar bilan suhbatlashsangiz, ularning bu to‘lovga qobiliyati yo‘qligi ma’lum bo‘ladi. Xo‘sh, unda bu uylar haqiqiy kam ta’minlangan, yakka-yolg‘iz insonlarga nasib etishiga qanday ishonsa bo‘ladi?
Umuman, bu masalada arzonlashtirilgan narxdagi ijara uylarni qurish vaqti keldi, nazarimda. Ayni paytda viloyatda bunday uylar yo‘qligi ham bu masala o‘rganishga va amaliyotga tatbiq etilishiga muhtoj.
Gulruh MO‘MINOVA,
«Zarafshon» muxbiri.