Viloyat hokimi o‘rinbosarlari hisobot berdi
Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining ellik to‘rtinchi sessiyasi o‘tkazildi.
Kengash kotibiyati mudiri Sh.Yo‘ldoshev boshqargan sessiyada davlatimiz rahbarining 2021 yil 24 avgustdagi “Mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlari o‘rinbosarlarining ularga yuklangan vazifalarni bajarishda shaxsiy mas’uliyatini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi bo‘yicha 2021 yil IV chorakda va yil davomidagi faoliyati samaradorligi ko‘rsatkichlari bajarilishi haqida hisobot berdi.
– Qarorga asosan, menga jami 39 ta yo‘nalishda eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini ta’minlash vazifasi yuklatilgan, – dedi viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bosh boshqarmasi boshlig‘i J.O‘roqov. – Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha yalpi hududiy mahsulot hajmi to‘rtinchi chorakda 13,4 trillion so‘mga, yil yakuni bilan esa 51,2 trillion so‘mga (114,3 foiz) yetkazilishi kutilmoqda. Aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan mahsulot hajmi 12,9 million so‘mga to‘g‘ri keladi. Sanoatning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi to‘rtinchi chorakda 14,7 foiz, yil yakunida 14,7 foizga yetdi.
J.O‘roqov shu tarzda barcha yo‘nalishlar bo‘yicha erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi. O‘z navbatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi.
Viloyat hokimining kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.Shukurov o‘zi mas’ul bo‘lgan 20 yo‘nalish bo‘yicha, viloyat hokimining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘i O.Xo‘jayev investitsiyalarni jalb qilish hamda tashqi savdo yo‘nalishida 16 ta asosiy KPI (Key Performance Indicators) samaradorlik ko‘rsatkichlari bajarilishi bo‘yicha, shuningdek, F.Abilov 21 ta, X.Ochilov 21 ta, D.Mamadqulov 12 ta, R.Qobilov 15 ta va I.Jabborov 24 ta asosiy mezonlar bo‘yicha hisobot berdi.
– Kengash sessiyalarida yil davomida turli dasturlar ijrosi yuzasidan hokim o‘rinbosarlarining axborot va hisobotlarini eshitamiz, – deydi xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati B.Xo‘jayorov. – Lekin bugungi kabi hisobotlar o‘rinbosarlarning o‘zlari mas’ul bo‘lgan kompleksda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ular faoliyatiga baho berishda muhim ahamiyatga ega. Yana bir e’tiborli tomoni, bu hisobotlarni eshitish bilan birga o‘zimiz saylangan saylov okrugidagi ijtimoiy-iqtisodiy holat, aholining murojaatlari asosida o‘rinbosarlarga o‘z taklif va tavsiyalarimizni ham bildiramiz.
Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashining 2022 yil I yarim yillikdagi va doimiy komissiyalarning 2022 yilga mo‘ljallangan ish rejalari tasdiqlandi.
Viloyat Kengashi deputati, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat kengashi raisi S.Rafiqov “Ayollar daftari”ni shakllantirish bo‘yicha uchinchi bosqich boshlangani va amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilindi.