Viloyat transport boshqarmasi xodimlari litsenziyasiz “Damaschi”dan pul talab qilib, pora bilan qo‘lga tushdi

Fuqarolardan biri viloyat IIBga murojaat qilib, “Avtomobil va daryo transport agentligi” xodimlari undan pora talab qilayotganini ma’lum qilgan va chora ko‘rishni so‘ragan.

Ma’lum bo‘lishicha, 12 aprel kuni mazkur fuqaro “Damas” rusumli avtomashinasi bilan Samarqand shahrida kirakashlik faoliyati bilan shug‘ullanib yurgan vaqtida, Samarqand shahri Univesitet xiyoboni ko‘chasida xizmat olib borayotgan, o‘zini “Avtomobil va daryo transport agentligi” xodimlari deb tanishtirgan shaxslar uni to‘xtatgan. Haydovchiga litsenziyasiz taksi qilib yurganini aytib, unga bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga 500 000 so‘m miqdorida pul talab qilib, oldindan 200 000 so‘mini olgan. Qolgan 300 000 so‘m pulni talab qilib kelayotgan bo‘lgan.

Mazkur arizaga asosan, 2022 yil 13 aprel kuni Samarqand viloyati IIB JQB korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda Departamentning Samarqand shahar bo‘limi xodimlari hamkorligida, tezkor tadbir o‘tkazilib, “Avtomobil va daryo transport agentligi” xodimlari E.O. va A.S.lar ariza muallifidan 300.000 so‘m miqdoridagi pullarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Viloyati IIB tomonidan ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.