Viloyatlarning qaysi hududga kiritilgani ma’lum qilindi
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining axboroti e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, koronavirus tarqalishi holatining hududlar kesimidagi tahlilidan kelib chiqib, karantin cheklovlari joriy yil 8 maydan boshlab uchta toifaga kiruvchi hududlarga ajratilib, bosqichma-bosqich bekor qilib boriladi.
“Qizil” toifadagi hudud – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent, Buxoro va Sirdaryo viloyatlari.
Bunda «qizil» hududda mavjud karantin cheklovlari saqlab qolinadi hamda vaziyatga qarab qayta ko‘rib chiqiladi. Mazkur hududlarda so‘nggi 14 kun ichida koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlangan.
“Sariq” toifadagi hudud – Surxondaryo, Xorazm viloyatlari, Toshkent shahri.
«Sariq» hududlarda ba’zi cheklovlar saqlab qolinadi. Mazkur hududlarda so‘nggi 14 kun ichida koronavirusga chalinganlar aniqlanmagan, biroq ushbu kasallikka chalingan va davolanayotgan bemorlar bor.
“Yashil” toifadagi hudud – Navoiy, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari.
Bu hudud koronavirusdan holi hudud sifatida ham qaraladi. Bu toifaga kirgan viloyatlarda koronavirus infeksiyasiga chalingan shaxslar aniqlanmagan yoki aniqlangan shaxslar to‘liq sog‘aygan.