Vladivostokda o‘zbekistonlik fuqaro yurak yetishmovchiligidan vafot etdi
Rossiyaning Vladivostok shahrida O‘zbekiston fuqarosi yurak yetishmovchiligidan vafot etdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston TIV axborot xizmati.
"Mamlakatimizning Vladivostok shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi ma’lumotiga ko‘ra, 2019 yil 6 dekabr kuni Artyom shahri (Primore o‘lkasi) shifoxonasida O‘zbekiston fuqarosi B.G‘. yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. U ushbu hududda 2015 yildan buyon qonuniy asosda ishlab va yashab kelayotgan edi", deyiladi xabarda.
Bosh konsulxona O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Moskva shahridagi vakolatxonasi bilan birgalikda marhumning jasadini vatanga yuborish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va boshqa masalalar bilan shug‘ullanmoqda.
Konsullik-huquqiy departamenti marhumning oila a’zolari va yaqinlariga ta’ziya bildiradi hamda eslatib o‘tadiki, Rossiyaning Uzoq sharqiy federal okrugi (Amur viloyati, Kamchatka o‘lkasi, Magadan viloyati, Primore o‘lkasi, Saxa Respublikasi (Yoqutiston), Saxalin viloyati, Yahudiy avtonom viloyati, Xabarovsk o‘lkasi, Chukotka avtonom okrugi) hududida joylashgan fuqarolar zarur vaziyatlarda mamlakatning Vladivostok shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkin: +7-423-260-48-00, +7-951-018-70-07.