Vodorod elektromobillarga chek qo‘yadimi?
Elektromobillar uchun batareyalar ishlab chiqaruvchi ulkan korxonalar dunyo bo‘yicha ishlanmalarga milliardlab dollar sarflashmoqda. Agar vodoroddan foydalaniladigan, atrof-muhit musaffoligiga zarar yetkazmaydigan, nisbatan toza yonilg‘i texnologiyasi tatbiq etiladigan bo‘lsa, elektromobillar sariq chaqaga arzimay qolishi tayin, deb yozadi “Mir Novostey” (2021 y, 9-son).
Amerika OAV hozirda yetakchi kompaniyalar yangi avtomobil yonilg‘isi ustida olib borayotgan ishlar nihoyasiga yetsa, elektromobillar yaratishga katta sarmoya kiritayotgan korchalonlar bozori kasod bo‘lishi haqda ogohlantirmoqda. Ular yangi kelajak yonilg‘isi – zangori vodorod muhitga umuman zararli gaz chiqarmasligi bilan odatdagi oltingugurtli vodoroddan ustun turishini ta’kidlashmoqda.
Ushbu yonilg‘i bilan ishlaydigan avtomobillar elektromobillardan katta ustunlikka ega bo‘ladi. Vodorodli energetika yacheykasiga ega texnika allaqachon jahonda tatbiq qilina boshladi. Bunda vodorodli mashinalar ishlab chiqarishni sarmoya bilan ta’minlayotgan "Toyota" yetakchilik qilmoqda. Elektrokimyoviy reaksiya natijasida ishlaydigan elektromotorli mashinalar ishlab chiqarish ko‘paymoqda. Ilon Mask vodorodli texnologiyaning jadal rivojlanishi o‘zining avtomobil zavodlari va batareya fabrikalarini kasodga uchratishidan tahlikaga tushmoqda. U zo‘r berib elektromobillarning afzalligini ta’kidlashga o‘rinmoqda.
Elektromobillar haqiqatan hozircha ustun bo‘lib turibdi – sifatlari yaxshilanyapti, zaryadlab olish shoxobchalari ko‘paymoqda. Ammo zangori gaz – vodorodga katta sarmoya kiritiladigan bo‘lsa, elektromobillar sariq chaqaga qimmat bo‘lib qoladi.
AQSh suyuq uglevodorod yonilg‘isiga o‘tish uchun jiddiy qiziqish bildirmoqda. Gap shundaki, bunday yonilg‘idan foydalanilganida atigi issiqlik va suvgina ajralib chiqadi. Ilon Maskning "Tesla" elektromobillari batareyasi bir zaryadi 250 milcha yo‘l bosishga yetsa, vodorod bilan baki to‘ldirilganda avtomobil 300 mil yo‘l bosishga yetadi. To‘g‘ri, bunday mashinalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdan avval, yonilg‘i quyish shoxobchalarini barpo etish zarur bo‘ladi.
T.Shomurodov tayyorladi.