Xalifa, qassob, dono bolalar va odil hukm
Musulmonlar xalifasi Xorun ar-Rashid xalq hayotini o‘rganish uchun faqirona kiyinib, mol bozorini aylanib yursa, bir qassob qo‘yning bahosini so‘rabdi.
Sotuvchi qassobga:
- 20 tanga, - debdi...
Qassob buni eshitib:
- Qo‘yingizning 14 kilo go‘shti, 4,5 kilo yog‘i bor. Uning narxi 15 tanga xolos, - debdi va qo‘yni olmay ketibdi.
Xalifa navkarlaridan biriga qo‘yni sotib olishni, ikkinchisiga qassob ortidan borishni buyuribdi. Bozordan qaytgach, o‘sha qo‘yni so‘yishibdi va qassob aytganidek, 14 kilo go‘sht va 4,5 kilo yog‘ chiqqanini ko‘rishibdi.
Qassobni topib kelishibdi va unga yana ikki qo‘chqorni ko‘rsatib, qancha go‘sht va yog‘ borligini so‘rashibdi. Qo‘chqorlar so‘yilganidan so‘ng qassob aytgan yog‘-go‘sht chiqibdi. Xalifa qoyil qolibdi hamda undan dunyoviy va diniy ilmlardan so‘rabdi. Afsus, qassobning kallasi bu sohada “bo‘m-bo‘sh” edi. Shunda xalifa debdi.
- Ey qassobzoda! Nahot hayotni faqat qassoblikda deb tushunsang? Qani senda vatanga muhabbat, xalqingga muhabbat? Nahot, halol va haromning farqiga yetmasang!
Xalifa jar chaqirtirib, e’lon qilibdi:
- Ushbu qassob shuncha zehni, shuncha ilmi bo‘la turib, yo dunyoviy, yo uxraviy ilm olmagani, halol-harom farqiga bormagani uchun boshqalarga ibrat bo‘lsin deb, kelgusi juma kuni uni dorga ostiraman.
Hamma bu hukmdan rozi bo‘lib, uning odilligini tan olibdi...
Ertasi kuni xalifa qabuliga ikki yosh yigitcha kirib kelibdi. Xalifa ularning xulqu-axloqini ko‘rib:
«Farzanding bo‘lsa, shunday bo‘lsin..», deb qo‘yibdi...
Yigitlar xalifadan gapirishga izn so‘rashibdi va ruxsatdan so‘ng deyishibdi:
- Ey Amiral mu’minin! Avvalo bizning bir qoshiq qonimizdan keching. Biz o‘limga hukm qilingan qassobning o‘g‘illarimiz. Otamizdan so‘ralgan savollarni bizdan so‘rasangiz.
Xalifa bolalarni uzoq savolga tutib, ulardagi ilm yetuklikni sezib, kuchliroq olim kishilarni chorlab, ilm majlisi o‘tkazib, bolalarning zehni va ilmiga qoyil qolibdi va debdi:
- Sizlarga tasanno, lekin otangizga chiqarilgan hukm hammaga ma’qul kelgan va ko‘pchilikka ibratdir.
Shunda qassobning katta o‘g‘li:
- Ey muhtaram jamoa! Bola — loy, ota va ona — kulol emasmi? Bola onadan o‘g‘ri, qotil yoki aldoqchi bo‘lib tug‘ilmaydi-ku...
Uni tarbiyalovchi ota-ona va tashqi muhitdir. Otamizga chiqargan hukmni otamizga emas, uning otasiga chiqarish kerak edi. Otamiz o‘zi ilmsiz bo‘lsa ham, bizni shunchalik ilmli, ma’rifatli bo‘lishimizga sharoit yaratdi, — dedi.
Xalifa uzoq sukut saqladi va dedi:
- Ey vazir! Sen endi iste’foga chiq. Shu bola menga vazir bo‘lsin...
Ey jallod! Qassobni olib kel, ustiga zarbop to‘n yop, bu elga ibrat bo‘lsin. Chunki bizning kelajagimiz — farzandlarimiz. Bola tarbiyalashdagi oliyjanobligi uchun qassob shunga loyiqdir. Qassobning otasi tirik bo‘lsa, olib keling, o‘lgan bo‘lsa, go‘ri ustiga o‘ttiz darra uring. Chunki shu qassob ham yoshligida o‘ta iste’dodli bo‘lgan. Otasi esa unga qassoblikdan boshqa narsani o‘rgatmagan, - deb hukmni o‘zgartiribdi.