Samarqand viloyati Kengashining 71-sessiyasi 6 sentyabr kuni o‘tkaziladi
Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov «Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltinchi chaqiriq yetmish birinchi sessiyasini chaqirish to‘g‘risida» qaror qabul qildi.
Unga ko‘ra, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining yetmish birinchi sessiyasi 2022 yil 6 sentyabr kuni soat 9:00 da chaqiriladi.
Sessiya kun tartibiga quyidagi masalalar kiritilgan:
- viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari – jamoat xavfsizligi xizmati boshlig‘i X.Umarovning 2022 yil II chorak davomida viloyat jamoat xavfsizligini ta’minlash borasidagi ishlar, jamoat xavfsizligini ta’minlovchi va unda ishtirok etuvchi sub’yektlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti;
- O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi boshlig‘i M.Nasrullayevning Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining 2022 yilning I yarim yilligidagi faoliyati yuzasidan hisoboti;
- Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘i F.Rajabovning suv resurslarini boshqarish, suv xo‘jaligi ob’yektlarining texnik holatini yaxshilash, shuningdek, viloyatda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish holati to‘g‘risidagi hisoboti;
- Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i H.To‘xtayevning viloyatda yoshlar muammolarini hal etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlar bilan ishlash samaradorligi va natijadorligini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari yuzasidan hisoboti;
- viloyatning shahar va tumanlarida mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish dasturining maqsadli parametrlarini tasdiqlash to‘g‘risida;
- viloyat “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish to‘g‘risida;
- Samarqand viloyatidagi ichki xo‘jalik yo‘llarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini yanada jonlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida;
- xalq deputatlari viloyat Kengashi huzurida kompensatsiya komissiyasini tuzish to‘g‘risida;
- yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash muddatini kechiktirish (bo‘lib-bo‘lib to‘lash) to‘g‘risida;
- davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasini olib qo‘yishga ruxsat berish to‘g‘risida;
- viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida;
- boshqa masalalar.