Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining oltmish yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov olib bordi.

Deputatlar dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki ob’yektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’yektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining viloyatdagi ijrosini ta’minlash maqsadida tuman va shaharlardagi foydalanilmasdan bo‘sh turgan bino va inshootlarni berish bo‘yicha taqdim etilgan loyihalarni tasdiqlash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi.

Ushbu masala yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari O.Xodjayevning axboroti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 11 oktyabrdagi “Davlat mulki ob’yektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tadbirkorlik sub’yektlariga sotish tartibini soddalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining 1-bandi, “b” kichik bandi talablariga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi va viloyatlar hokimlariga o‘z vakolatlari doirasida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun auksion o‘tkazmasdan, investor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar orqali investitsiyaviy (kamida 1 million AQSh dollari ekvivalentida) va ijtimoiy majburiyatlar belgilagan holda bo‘sh turgan davlat ko‘chmas mulk ob’yektlarini sotish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish vakolati berilgan.

Bunda, davlat mulki ob’yektlarini va yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni sotish to‘g‘risidagi qarorlar loyihasi dastlab xalq deputatlari viloyat Kengashida ko‘rib chiqilishi hamda tasdiqlanishi lozimligi belgilangan.

Ushbu norma talablaridan kelib chiqib, deputatlar viloyat hokimining tegishli qarorlari loyihalarini o‘zgartishlar kiritib, tasdiqlash mumkin, deb topdi.

Sessiya ishida shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari ijrosi to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Prezidentimiz tashabbusi bilan respublikaning barcha hududlarida “Obod mahalla” va “Obod qishloq” dasturlari doirasida keng miqyosda qurilish, bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Ushbu dasturlar ijrosi yuzasidan viloyatimizning 2 shahar va 14 tumanidagi 6 mahalla fuqarolar yig‘inlari va 42 qishloqda qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

Hisobotda qayd etilishicha, «Obod mahalla» dasturi doirasida Samarqand shahrining Chilquduq, Navro‘z, Yoshlik va Kattaqo‘rg‘on shahrining Kattaqo‘rg‘on, Go‘zalkent, G‘arib masjid mahalla fuqarolar yig‘ini hududlarida respublika byudjeti mablag‘laridan 19,8 milliard so‘m, mahalliy byudjet mablag‘laridan 14,9 milliard so‘m, tarmoq korxonalari mablag‘laridan 2,1 milliard so‘m, tashabbuskor tadbirkorlar va aholi mablag‘laridan 7,1 milliard so‘m, tijorat banklari kredit mablag‘laridan 5,8 milliard so‘m hisobidan qurilish-ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.

Sessiya davomida deputatlar, shuningdek, viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy hayotiga oid boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.

Kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.