Xalq qabulxonasi: 100 ga yaqin maktab va MTT ta’mirlandi, 50 dan ortiq aholi yashash punktlari ichimlik suvi tarmoqlariga ega bo‘ldi

Xo‘jakorzon mahallasi, Nayman qishlog‘i aholisini ko‘p yillardan buyon toza ichimlik suvi muammosi qiynab kelardi. Ushbu masala yuzasidan murojaatlar javobsiz qolavergach, qishloq ahli Xalq qabulxonasi va sektor rahbarlariga chiqishga majbur bo‘ldi. Muammo mutasaddilar tomonidan qisqa fursatda o‘rganib chiqilib, qishloqqa Damxo‘ja suv tarmog‘idan 1,7 kilometr ichimlik suvi quvuri tortildi va aholiga toza ichimlik suvi yetkazib berildi.

– Bu bizning bir umrlik orzu-armonimiz edi, – deydi shu qishloqda yashovchi Sayyora Ortiqova. – Shu paytgacha 2-3 kilometr masofadan suv tashib kelib ichardik. Ko‘p joylarga murojaat qilsak-da, masalamiz hal bo‘lmagach, qishlog‘imizga suv kelishidan umidimizni uzgan edik. Prezidentimizga ming rahmat, xalq bilan muloqot qilishning shunday tizimini yaratib berdiki, endi murojaatlarimiz e’tiborsiz qolmayapti. Qishlog‘imizga suv kelib, turmush tarzimiz o‘zgardi, ertangi kunga ishonchimiz ortdi.

Haqiqatdan ham davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Xalq qabulxonalarining tashkil etilishi, sektorlar rahbarlarining kabinetlarda emas, joylarga chiqib, xalq orasida yurib faoliyat ko‘rsatishi, aholining dardu tashvishlarini eshitib, ularga yechim topishga harakat qilishi ko‘plab muammolarga yechim topish, jamiyatda adolatni qaror toptirishga xizmat qilmoqda. O‘z navbatida, bu hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shahar va qishloqlarning obod bo‘lishiga zamin yaratmoqda.

Urgut tumanining A’loxotin mahallasi tuman markazidan atigi 4-5 kilometr masofada, katta yo‘l yoqasida joylashgan. Aholisi ham ancha ko‘p. Bundoq o‘ylab qaralsa, mahallada hech qanday muammo yo‘qdek.

Afsuski, markazga yaqin ana shu qishloqda ham yigirma yildan buyon ichimlik suvi bilan bog‘liq muammo hal etilmayotgan ekan. Muammo ham juda katta emas, bir paytlar qurilgan va keyinchalik foydalanishga yaroqsiz bo‘lib qolgan artezian qudug‘ini ta’mirlash zarurati bor edi. Shu muammo ellikdan ortiq xonadonning yillar davomida toza ichimlik suvini boshqa joydan tashib kelishiga sabab bo‘layotgan edi.

– Sektor rahbarlari va Xalq qabulxonasi tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda ushbu muammoni hal etishda amaliy yordam so‘radim, – deydi mahallada yashovchi Ahmad Jo‘rayev. – Shu yerning o‘zida mutasaddilarga topshiriq berildi. Natijada mahallamizdagi 35-maktab hovlisida joylashgan suv inshooti ta’mirlanib, 1,3 kilometr masofaga ichimlik suvi tarmog‘i tortildi. 50 ta xonadonga toza ichimlik suvi yetkazib berildi. Albatta, bundan aholimiz, maktab jamoasining quvonchi cheksiz. Muhimi, murojaatimiz e’tiborsiz qoldirilmay, muammoga yechim topildi. Bu Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak, degan tamoyilning amaldagi ifodasi bo‘ldi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda Urgut tumanida yashayotgan 659 ming aholining 62 foizi ichimlik suvi bilan ta’minlangan. 2019 yilda 21 suv ob’yektida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. 38 kilometr suv tarmoqlari tortildi. Bu ishlarga qariyb 7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Ushbu yo‘nalishdagi ishlar bundan buyon ham izchil davom ettiriladi.

Tumanning Nisbot mahallasidagi 482 xonadonda 3400 aholi istiqomat qiladi. Ularning ham o‘ziga yarasha muammolari, yechimini kutayotgan masalalari bor. Nisbotliklarni ko‘p yildan buyon ichki yo‘llarning ta’mirtalabligi, qishda loy, yozda chang-to‘zonga aylanishi tashvishlantirardi. Tuman markaziga chiqish uchun ushbu yo‘llardan yurish haydovchilarning ham, yo‘lovchilarning ham haqli e’tiroziga sabab bo‘lib kelayotgan edi. Yillar davomida tegishli idoralarga qilingan bu boradagi murojaatlar esa va’da berishdan nariga o‘tmadi.

Xalq qabulxonasi va ikkinchi sektor rahbarlarining Nisbot mahallasida aholi bilan o‘tkazgan muloqoti davomida mahalla raisi Zayniddin Suyunovning aholi nomidan qilgan murojaati ijobiy hal etildi. 583 million so‘m mablag‘ sarflanib, 1,8 kilometr ichki yo‘lga asfalt yotqizildi.

– Murojaatimiz e’tiborsiz qolmagani va bir necha yillik muammo hal bo‘lganidan aholimiz xursand, – deydi Zayniddin Suyunov. – Mahallamizda yoki Xalq qabulxonasida o‘tkazilgan qabul va uchrashuvlar natijasida birgina ushbu masala emas, ko‘plab muammolarga ijobiy yechim topilmoqda. Rahbarlarning xalq bilan ochiq muloqotining yo‘lga qo‘yilishi, xonadonma-xonadon yurish real holatni ko‘rsatib, ko‘p muammolarga joyida yechim topishni ta’minlamoqda.

Ta’kidlash lozimki, joylarda o‘tkazilayotgan muloqotlar chog‘ida faqatgina aholi turmush tarzi bilan bog‘liq muammo yoki yechimini kutayotgan masalalar emas, xalq ma’naviyatini boyitishga qaratilgan tashabbus va takliflar ham o‘rtaga tashlanmoqda.

Xususan, Narpay tumanining Sarbozor mahallasida yashovchi Turg‘un Ismatov ana shunday uchrashuvlarning birida aholini, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, ularni kitob mutolaasiga qiziqtirish maqsadida mahalla hududida zamonaviy kutubxona qurib berishlarini so‘radi.

Uning murojaati inobatga olinib, mahallada 1 milliard so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy axborot-resurs markazi bunyod etildi. Yangi ziyo maskani 10 mingga yaqin kitob, jumladan, 300 ga yaqin elektron adabiyotlar bilan ta’minlandi, wi-fi tarmog‘i yaratildi. Bugun kutubxona mahalla ahlisining sevimli maskaniga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Samarqand viloyatidagi Xalq qabulxonasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda aholining murojaatlari va joylarda o‘tkazilgan ommaviy qabullar chog‘ida bildirilgan takliflar asosida, viloyat hokimligi bilan hamkorlikda dastur tasdiqlanib, tuman va shaharlarda yuzga yaqin maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlari ta’mirlandi. Bu maskanlarda zamon talablari darajasida shart-sharoit yaratildi. Shuningdek, viloyatdagi ellikdan ortiq aholi punktida ichimlik suvi tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlari yakunlanib, foydalanishga topshirildi.

G‘olib HASANOV.