Xalqaro universitet talabalariga ish bormi?

Bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash har bir o‘quv muassasasi uchun dolzarb masala. Ushbu muammoni hal qilishda oliy ta’lim muassasasining ish beruvchilar bilan hamkorligi muhim ahamiyatga ega. “Ipak yo‘li” turizm xalqaro universiteti talabalarning kelajakda ish bilan ta’minlanishini ko‘zlagan holda hozirdanoq butun dunyoda tan olingan tizim – amaliyot-o‘qishni joriy qilmoqda.

Bu haqda universitetning rivojlantirish va strategik masalalar bo‘yicha birinchi prorektori Azamat Akbarov amaliyot bo‘yicha hamkorlikdagi tashkilotlar va ish beruvchilar bilan bo‘lgan uchrashuvda aytib o‘tdi. Tadbirda mehmonxona, restoran, sayyohlik firmalari rahbarlari va universitet o‘qituvchilari qatnashdi.

- Talabalarimiz kelajakda qaysi sohada ishlashi mumkin, bizga qanday mutaxassislar kerak, degan savollarga hozirdanoq javob topishimiz lozim, - dedi A.Akbarov. – Biz shu maqsadda ish beruvchilar bilan kelishgan holda, ularning talab va takliflaridan kelib chiqib, mutaxassis kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yamiz. Shundagina, talabalar ertaga ishsiz qolmaydi.

Ushbu o‘quv yilidan boshlab universitetda qat’iy ravishda dual ta’lim tizimi joriy qilinadi. Dual ta’lim – professional o‘qitish turi bo‘lib, unda amaliyot ishlab chiqarishda, nazariya esa ta’lim dargohi bazasida o‘tkaziladi. Yangi tizimga ko‘ra, 1-, 2-bosqich talabalari imtihonlarning 30 foizini ishlab chiqarish amaliyotlarida olish imkoniga ega bo‘ladi. Uchinchi bosqichdan boshlab bu ko‘rsatkich 50 foizni tashkil etadi.

Universitet o‘tgan yili ochildi. Bu yerda o‘qitish tizimi boshqa oliy ta’lim muassasalaridan biroz farq qiladi. Masalan, talabalarga 80 daqiqa emas, 50 daqiqa dars o‘tiladi. Sentyabrdan boshlab boshqa fanlar olib tashlangan va faqat asosiy 5 ta fan o‘qitilmoqda.

Tadbirda ish beruvchi tashkilot rahbarlari o‘z talab va takliflarini o‘rtaga tashladi. Turizmni rivojlantirish borasida qanday kadrlarga talab kuchli ekani muhokama qilindi. Universitet rahbariyati ish beruvchilar bilan hamkorlikda ishlashga kelishdi. Hali bu borada rejalar katta. Muhimi, talabalar jahon andazalariga javob bera oladigan, turizmni rivojlantiradigan mutaxassis kadrlar bo‘lib yetishishi va o‘z ish joylariga ega bo‘lishi zarur.

Xurshida ERNAZAROVA.