Xalqimiz farovonligini saqlab, tashqi tomondan bo‘layotgan ba’zi harakatlarga birdamlikda sobitqadamlikni yo‘qotmasligimiz kerak

Shu kunlarda mamlakatimizda muhim siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha umumxalq muhokamasi davom etmoqda. Mana shu vaziyatda ayrim "uddaburonlar” soddadil qardosh xalqimiz hisoblangan qoraqalpoqlarning tinchligiga “tosh otish” hamda ikki qadrdon xalqning osoyishta hayot kechirishga “ko‘z olaytirish” kabi chirkin g‘oyalar bilan turli xil fitnalar uyushtirmoqda.

Ta’kidlashim joiz, asrlar davomida ikki xalq o‘rtasida shakllanib kelgan azaliy do‘stlik, birodarlik, qardoshlik, qarindosh-urug‘lik, o‘zaro mehr-oqibatni yo‘qotmasligimiz va abadiy asrashimiz lozim va bu har birimizning burchimizdir. Jumladan, xalqimiz farovonligi va tinchligiga ayrim g‘alamislar tashqaridan turib turli xil tartibbuzarliklarni uyushtirmoqda. Undaylarning qopqoniga tushib qolmasligimiz va ogoh bo‘lishimiz kerak. Tinchlikdek oliy ne’mat qadriga yetishimiz va ba’zi davlatlarda bo‘layotgan vaziyatlardan xulosa chiqarishimiz lozim.

"Ayni vaqtda tinchlik va osoyishtalik, jamoat xavfsizligini buzishga urinayotgan har qanday shaxslarga nisbatan qonun doirasida qat’iy choralar ko‘riladi. O‘zbekistonda “Qonun – ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar” degan qoidani amalda ta’minlash uchun barcha kuch va imkoniyatlar yetarli” – deya alohida ta’kidladi hukumat rahbari.

Bir so‘z bilan aytganda yurtimiz ravnaqi, xalqimiz farovonligini saqlab, tashqi tomondan bo‘layotgan ba’zi harakatlarga birdamlikda qarshi turishimiz hamda eng katta yutug‘imiz bo‘lgan O‘zbekistonimiz tinchiligini asrash yo‘lida sobitqadamlikni yo‘qotmasligimiz kerak.

Ilhomjon To‘xtasinov,

Samarqand davlat chet tillar instituti rektori, professor.