Xarid chekini talab qilib byudjetga hissa qo‘shing!
Ijtimoiy tarmoqda Samarqand viloyatidagi oliy ta’lim muassasalari rektorlariga, XTB tizimidagi barcha maktab direktorlariga o‘z qo‘l ostidagi o‘qituvchilarga savdo cheklarini yig‘ishni buyurish topshirig‘i berilgani haqida xabar tarqalibdi. «Xabar qilinishicha, endilikda o‘qituvchilar yoqilg‘i quyish shoxobchalari yoki do‘konlarga borib, naqd pul bergan xaridorlarga yoki kassirga yalinib, 2 ming so‘mdan yoki 5 ming so‘mdan 10 ta chek urdirib olishmoqda» deyilgan xabarda.
Bu aksiya nafaqat Samarqandda, balki butun respublikada soliq to‘lovi qamrovini kengaytirish maqsadida o‘tkazilmoqda. Davlat soliq qo‘mitasi veb-saytida ham bu haqda ma’lumot bor. Eng faol targ‘ibotchilar rag‘batlantirilmoqda. Ushbu tadbir doirasida viloyat davlat soliq xizmati organlari xodimlari hamda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashining 850 nafar faol yoshlaridan iborat guruhlar tashkil etilib, ular savdo komplekslari, bozorlar, aholi gavjum joylarda, jamoat transportida aholiga flayerlar tarqatish barobarida xarid chekini olishning ahamiyati haqida ham tushunchalar berishmoqda. Maqsad aholining huquqiy ongini rivojlantirish, tadbirkorlarni qonuniy ishlashga o‘rgatish.
Har bir fuqaro o‘zining jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishi uchun amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmasligi, ularning ahamiyatini tushunib yetishi uchun o‘quv-seminarlar o‘tkazilmoqda.
Shu o‘rinda bir mulohaza. Viloyatdagi barcha tashkilotlarda ishlovchi xodimlar oy davomida amalga oshirgan xaridlarining cheklarini tashkilotlarida o‘rnatilgan maxsus qutichalarga yig‘ishdan maqsad ularning iste’molchi sifatidagi mas’uliyatini oshirish, xolos. Hech kimga “bugun mana shuncha chek olib kelasan”, degan reja qo‘yilmagan. O‘qituvchilar birovlarning chekini yig‘ib yuribdi, deya iddoa qilishlari ham mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Har bir fuqaro jamiyatning eng faol a’zosi sifatida o‘zlari amalga oshirgan xaridlari uchun cheklarni talab qilib olsalar, byudjetga o‘z hissalarini qo‘shsalar maqsadga muofiq bo‘lardi.
Ijtimoiy tarmoqda qoldirilgan mulohazalarda xarid cheki bilan bog‘liq lotoreya o‘yini tashkil qilishni, onlayn nazorat kassa mashinasini tezroq joriy qilishni maslahat berganlar ham uchraydi.
Davlat soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, 2019 yil 1 oktyabrdan yutuqli o‘yin jamg‘armasini tashkil etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisob varag‘i ochiladi hamda unga savdo va xizmat ko‘rsatish, shu jumladan umumiy ovqatlanish korxonalaridan undiriladigan soliq to‘lovlari (qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, yagona soliq to‘lovi) summasining 0,1 foizi yo‘naltirilishi taklif etilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, onlayn nazorat-kassa mashinasidan foydalanish ayni paytda majburiy xarakterga ega bo‘lmasa-da, 2020 yildan barcha savdo va xizmat shoxobchalarida undan foydalanish qat’iy belgilanishi mumkin.
Shu o‘rinda “Xarid chekini talab qilib oling!” targ‘ibot tadbiri murojaatnomasidan parcha keltirib o‘tmoqchimiz :
“Xo‘sh, xarid chekini olish shu qadar muhimmi?
Albatta. Bu yurtimiz va yurtdoshlarimiz farovonligini, ona diyorimiz ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishini ta’minlashda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Savdo-sotiq munosabatlarida xarid cheklarini talab qilib olish, fuqarolik burchingizni bajarish bilan birga mablag‘larni bankdan tashqari noqonuniy aylanishini oldini olgan bo‘lasiz. Kirim qilingan mablag‘ korxonaning tushumi sifatida davlat byudjetiga soliq to‘lovlari undiriladi. Bu esa ish haqi, pensiya, nafaqa va boshqa to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi. Shuning uchun ham xarid chekini talab qilib olish ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan nihoyatda ahamiyatlidir. ”
Ushbu tadbir ezgu maqsadlarga qaratilgan. Hech bir soha xodimi xarid cheki yig‘ishga majburlanayotgani yo‘q. Aslida har bir fuqaro xarid chekini talab qilib olish orqali davlat byudjetiga o‘z hissalarini qo‘shayotganliklarini unutmasliklari lozim.
Viloyat davlat soliq boshqarmasi,
Matbuot xizmati.