So‘lim shaharchasidagi karantin markazidan 308 nafar fuqaro manzillariga jo‘natildi

Koronavirus infeksiyasining aholi orasida keng tarqalishining oldini olish maqsadida xorijdan olib kelinayotgan barcha yurtdoshlarimiz ma’lum muddatgacha karantinda saqlash majmualariga joylashtirilayotganligi hech kimga sir emas. Ushbu davrda o‘tkazilgan tibbiy kuzatuvlar va diagnostik tahlillar natijasiga ko‘ra, tojdor virus infeksiyasi alomatlari aniqlanmagan yurtdoshlarimizga doimiy yashash manzillari tomon ketishi uchun ruxsat berildi.

Samarqand shahridagi So‘lim shaharchasi hududida joylashgan karantin markazidagi 308 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi alomatlari aniqlanmadi. Endilikda ular o‘z yashash manzillariga qaytishi mumkin. Hamyurtlarimizni markazlashgan tarzda manziliga yetkazish maqsadida Samarqand viloyati transport boshqarmasi tomonidan maxsus avtobuslar tashkillashtirildi. Ushbu avtobuslarda samarqandliklar o‘z uylarigacha eltib qo‘yilgan bo‘lsa, boshqa viloyatlar aholisi Samarqand temir yo‘l vokzalidan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan tashkillashtirilgan maxsus yo‘lovchi poyezdlarda yashash manzillari tomon yo‘l olishdi.

Yo‘lovchilarga Samarqand shahridagi avtokorxonalarning 15 dan ziyod transport vositalar xizmat ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, Samarqand temir yo‘l vokzalida Chirchiq shahridagi karantin markazidan qaytgan 59 nafar fuqaro kutib olinib, maxsus tashkillashtirilgan avtotransport vositalarida manzillariga yetkazilganligini ham aytib o‘tish lozim.

Joriy yilning 16 martidan boshlab 12 avgust sanasiga qadar 12 353 nafar yurtdoshlarimiz Samarqand xalqaro aeroporti va Samarqand temir yo‘l vokzalida kutib olindi hamda yashash manzillariga beminnat yetkazildi. Ularning aksariyati samarqandliklar bo‘lsa, qolganlari Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridan.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi Axborot xizmati xabariga ko‘ra, xizmat ko‘rsatuvchi barcha transport vositalarida belgilangan talablar darajasida zararsizlantirish ishlari olib borildi.