Xitoy Sharqiy Turkistonda o‘nlab masjidlarni buzib tashlagan

2016 yildan beri Sharqiy Turkistonda o‘nlab masjidlar buzib tashlangan. Bu The Guardian va Bellingcat o‘rganishlarida tasdiqlangan, deb yozmoqda minbar.uz.

O‘rganilgan 91 ob’yektning sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlaridan ma’lum bo‘lishicha, 31 masjid va 2 maqbara binosiga 2016-2018 yillar mobaynida jiddiy zarar yetkazilgan. Shulardan 15 masjid va har ikki maqbara butunlay buzib tashlangan. Qolgan zararlangan masjid binolarining gumbazlari va minoralari olib tashlangan.

Sharqiy Turkiston janubidagi Kargilik shaharchasida joylashgan Kargilik masjidi buzib tashlangan. Bu masjid yon-atrofdagi qishloqlardan musulmonlar yig‘ilib ibodat qiladigan maskan bo‘lgan.

Yana bir masjid Xo‘tan yaqinidagi 12-asrda qurilgani taxmin qilinadigan Yutyan Atika masjididir. Masjidning darvozasi va yondosh binolari buzib tashlangan.

Uyg‘urlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faollarning ta’kidlashicha, yuzlab, ehtimol minglab masjidlar ekstremizmga qarshi kampaniya doirasida buzib yuborilgan. Buzilgan kichik masjidlarning aksariyatini borib ko‘rish, xabarlarni tasdiqlash mushkul. Chunki hukumat hududga keluvchi jurnalistlarga osonlikcha ruxsatnoma bermaydi.

Masjidlar uyg‘urlar to‘planadigan va madaniy-ijtimoiy birdamlikni, an’analarni saqlashga xizmat qiladigan joydir. Shu bois, hukumat masjidlarni uyg‘urlarni xitoyliklarga assimilyasiya qilishga to‘siq deb biladi, deydi faollar. Mahalliy aholi masjidlarga borishni kamaytirgan. Boruvchilar qattiq nazorat qilinadi, maxsus ro‘yxatga qo‘yiladi.

Xitoy ekstremizmga qarshi kurashish vaji bilan intensiv kampaniya olib bormoqda. Jumladan, musulmon ozchilik vakillari kuzatuvga olingan. Qariyb 1,5 mln uyg‘ur majburan qayta tarbiyalash lagerlariga joylashtirilgan. Ammo rasmiy Pekin ularning majburan qamoqda tutib turilganini rad qiladi.

Xitoy o‘z hududidagi musulmon va nasroniy aholini Xitoyning “milliy sharoiti”ga moslash, xitoylashtirish niyatini yashirmaydi. Shu yilning yanvar oyida Xitoy hukumati islomni sotsializmga muvofiqlashtirish bo‘yicha besh yillik rejani tasdiqlagan edi.