Xitoyda 100 milliondan ortiq aholiga ega hudud karantinga olindi

Xitoyning shimoliy-sharqida koronavirus xurujining oldini olish chora-tadbirlari tufayli 108 million odam karantin hududi ichida qoldi. Bu haqda Bloomberg agentligi xabar berdi.

Agentlik taqdim etgan ma’lumotga ko‘ra, hududda jami 34 nafar kasallanish holati qayd etilgan. Biroq Szilin viloyati hukumati avtobus va temir yo‘l harakatlarini to‘xtatish, maktablarni yopish va odamlarni alohidalash qarorini qabul qilgan. Ushbu chora-tadbirlar mamlakatda epidemiya tugadi, deb hisoblagan aholining sarosimaga tushib qolishiga sabab bo‘lgani aytilmoqda.

Shulan shahri (Szilin viloyati) rahbariyati koronavirus tarqalishining oldini olish uchun qat’iy choralar ko‘rilishini, jumladan, koronavirus infeksiyasi aniqlangan ko‘p qavatli uylar karantinga yopilishini ma’lum qildi. Har ikki kunda bir nafar oila a’zosi uydan tashqariga chiqishi va zaruriy oziq-ovqat va dori vositalari xarid qilishi mumkin. Shu bilan birga, Shulan shahri va shahar atrofidagi hududlarga kirish va chiqish taqiqlandi.