Xizmatni o‘tab bo‘lgan 280 nafar askar maxsus reys bilan o‘z uylariga kuzatilmoqda

Bugun, 27 mart kuni Markaziy harbiy okrugda muddatli harbiy xizmatni o‘tagan askarlarni o‘z uylariga kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Aslida askarlarni uylariga kuzatish tadbirlari 20 martdan 10 aprel kuniga qadar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan edi. Xavfli infeksiya sabab, faqat bir kun 27 mart kuni Respublikamizning barcha yo‘nalishlari bo‘ylab, maxsus reyslar yo‘lga qo‘yiladi.

Tadbirda okrug qo‘mondoni, polkovnik Aybek Saidov, harbiy qism shaxsiy tarkibi, Samarqand garnizoni Ma’naviyat va ma’rifat markazi harbiy orkestri ishtirok etdi.

Markaziy harbiy okrugga qarashli Samarqand, Jizzax hamda Navoiy garnizonlarida bir yillik xizmatni o‘tagan jami 280 nafar askarga oliy harbiy ta’lim muassasasiga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma berildi. Ulardan 40 nafari o‘z istagiga ko‘ra, shartnoma asosida harbiy xizmatda qoldi. Yangi tashkil etilgan Sport vzvodida xizmat qilgan 10 nafarga yaqin sportchi askarlar okrug hamda Mudofaa vazirligi nomidan Xalqaro toifadagi sport musobaqalarida qatnashib, sovrindor bo‘ldi.

Okrug qo‘mondonligi oilasi bag‘riga qaytayotgan askarlardan mahalla-ko‘y va yaqinlar oldida ziyofat uyushtirmaslikni so‘radi.

Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatchilar maxsus reys bilan bugun tunda, qa’tiy nazorat ostida “Samarqand-Toshkent-Anjidon” hamda “Buxoro-Nukus” yo‘nalishida o‘z uylariga kuzatiladi.