Xontaxta
Men galdagi maoshimdan xontaxta uchun pul ajratib, dam olish kunlarining birida uni sotib olish uchun shaharga otlandim. Yog‘ochbozor yonidagi do‘konda yog‘och karavot, xontaxtalar qator tizilib turardi. Bir xontaxtani tanlab, do‘kondor bilan narxni kelishib, pulini to‘lab tashqariga olib chiqdim. Endi bu dahmazani ortib, olib ketishga mashina kerak edi. Bu yerda og‘ir buyumlar sotilgani uchun «yukxonasi» bor mashinalar son-sanoqsiz edi. Men «yukxonali» mashinalardan birining oldiga borib, haydovchiga niyatimni aytdim.
- Xontaxta olgan edim, shuni uygacha olib borsangiz...-so‘ng manzilni tushuntirdim.
- O‘ttiz ming berasan,-dedi dabdurustdan boshiga marg‘ilon nusxa do‘ppi qo‘ndirib olgan, soqollari o‘sib, yoqimsiz holga kelib qolgan o‘rta yoshlardagi erkak. To‘g‘risi, jahlim chiqib ketdi-yu, o‘zimni bosdim. So‘ng bosiqlik bilan dedim:
- Bitta kirakash to‘rtta yo‘lovchini uch ming so‘mdan manziliga olib borib tashlasa, o‘n ikki ming so‘m bo‘ladi. Uyim shahar chekkasida yo tumanda emasku, masofa chiqsa o‘n kilometr chiqar, keyin bitta xontaxta qancha yuk bosardi?
- Xohlasang shu,-dedi qo‘rslik bilan. Uni hovuridan tushirishga ko‘zim yetmadi. Insofini yeb, butkul insoniylikdan chiqqan bu haydovchining oldidan uzoqlashib, rangi uniqib, xira tortib qolgan «Volga»ga yaqinlashdim. Haydovchi keksaroq kishi ekan. Ko‘zoynagini qo‘ndirib olib, allaqaysi gazetaga ko‘z yugurtirayotgandi. Ochig‘i, kitob yo gazeta o‘qiydigan odamlarni ko‘rsam, ko‘zlarim quvonib, dilim yayrab ketadi. Shu sohada ishlayotganim uchun ham qadrimizga yetadigan odamlarga duch kelganda ularga nisbatan hurmatim oshib, yaxshi ko‘rib ketaman. Otaxon bilan so‘rashib, muddaoga ko‘chdim. U meni ko‘riboq, gazetani buklab, yig‘ishtirib, chekkaga qo‘ydi-da, indamay gaplarimni tingladi, so‘ng yo‘l kira narxini aytdi. To‘g‘risi, boshim gangib qoldi. Bu odam boyagi haydovchi aytgan puldan besh ming so‘m oshirib narx qo‘ydi. Bexos tilimdan shu so‘z uchib ketdi.
- Rahmat. Men siz aytgan pul bilan taksida bemalol Toshkentga yetib olaman. Insofingiz ham bor bo‘lsin-da?-shunday deb, tarvuzim qo‘ltig‘imdan tushib, ortimga o‘girilib, qadam tashlagan ham edim-ki, keksa haydovchi mashina eshigini ochib, undan tushdi.
- Menga qarang, birodar, taksichilik ham misoli bozorday gap. Men aytgan narxdan xafa bo‘lib ketaverasizmi? Men narxni aytdim, siz biroz kamaytiring. Bozor-da, bu kelishsak, keyin aytgan manzilingizga olib borib tashlayman.
Yuragimda umid uchquni porlab, tag‘in unga yaqinlashdim.
- Bir savob ish qiling, otaxon, aytgan narxingizning yarmini bersam bo‘ladimi?
- Unchalikmasda, endi, yoqilg‘i ham ko‘tarilgan. Havo bilan yurganda-ku, suvtekinga olib borardim-a?! Mayli, savobdan gap ochdingiz, yana «biror nima» qo‘shing.
Men tag‘in besh ming so‘m qo‘shdim. Otaxon bir nafas o‘ylanib turdi-yu, qani orting xontaxtangizni deb, mashina bagajidan joy tayyorlashga kirishdi. Uyga kela-kelguncha, otaxon bilan u yoqdan-bu yoqdan gaplashib keldik. U qizlarini chiqarib, uvali-juvali bo‘lganini, nafaqaga chiqqanini, bekor o‘tirmaslik uchun har zamonda mashinasini yurgizib, uch-to‘rt so‘m choy chaqa ishlashini aytdi. Menga ochig‘i, bu odamning o‘zi ham, fazilatlari ham yoqdi. Uni xuddi rahmatli buvam o‘rnida ko‘rib ketdim.
- Xudo o‘g‘il bermadi. Lekin o‘g‘il nabiralarning hisobi yo‘q. Ular uyga kelganda bag‘rim to‘lib qoladi. Mana shu siz, yo‘lovchilar bergan pullarga ularga atab shirinliklar, kiyim-bosh va boshqa buyumlar xarid qilib, kelganida ulashaman. Ha, hayot shu ekan, birodar...
Otaxon meni uygacha keltirib, xontaxtani mashina yukxonasidan olib tushirgach, unga mo‘ljaldagi pulni berdim. U sinchiklab, ming so‘mliklarni shoshilmay sanadi-da, puldan besh mingini ajratib, o‘zimga qaytardi. Men hayron bo‘ldim. Chunki u olayotgan pul dastlab men qo‘ygan narxga teng edi.
-Uylangansiz-a, sezdim. Yangi oilali odamsiz. Menga nafaqam ham yetib ortadi. Keyin savobdan gap ochdingiz. Bunda xosiyat katta.
Keksa haydovchi «Volga»sini haydab ketgach, men xontaxtani uyga olib kirdim. Shu kuni kechgacha kayfiyatim ko‘tarilib yurdim.
Umid ALI.