XOQ koronavirus xavf solayotgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqdi

Xitoyda tarqalgan koronavirusning yangi COVID-19 turi ayni kunlarda butun dunyo bo‘ylab katta xavfni keltirib chiqarmoqda. Buning ortidan bir qancha xalqaro musobaqalarning o‘tkazilishi ortga surilmoqda. Ayrimlari esa butunlay bekor qilindi.

O‘z navbatida, bu holat har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan eng nufuzli musobaqa - Olimpiya o‘yinlarining o‘tkazilishini ham so‘roq ostida qoldirmoqda edi. Ammo Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi kecha rasmiy bayonot bilan chiqib, Yaponiya poytaxti Tokio shahri mezbonlik qiladigan XXXII yozgi Olimpiya hamda XVI Paralimpiya o‘yinlari o‘z belgilangan sanasida bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi, deya xabar berdi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.

Ma’lum qilinishicha, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi tomonidan koronavirus va uning yangi turi xavfi borasidagi muhokamalardan so‘ng musobaqalar o‘z vaqtida o‘tkazilishi to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Qarorda barcha sportchilar to‘rt yillikning eng yirik turniri uchun tayyorgarlikni davom ettirishlari mumkinligi ta’kidlangan.

XOQ ushbu qarorni ma’qullashda koronavirus tufayli yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari o‘tkazilmasligi borasidagi taxminlar paydo bo‘lganidan so‘ng qabul qilishga majbur bo‘lgan.

Yaponiya rasmiylari bir necha bor Olimpiada uchun biron-bir xavf yo‘qligini aytishgan. Kunchiqar yurtda ushbu musobaqalarga tayyorgarlik uchun 12 milliard dollardan ko‘p mablag‘ sarflangani aytilmoqda.