Xorazmda sodir bo‘lgan yong‘inda yetti yoshli qizaloq halok bo‘ldi

Kecha, 19 avgust kuni Xorazm viloyati Urganch tumaniga qarashli G‘oybu qishlog‘idagi 48-uyda kuchli yong‘in yuzaga kelgan.

Yong‘inni bartaraf etish uchun 3 ta o‘t o‘chirish ekipaji jalb etildi. Bu haqda mahalliy vaqt bilan soat 15:49 da xabar berilgan, soat 16:10 da yong‘in bartaraf etildi. Olov uy tomlari, hojatxona, og‘ilxonaga jiddiy ziyon yetkazgan, og‘ilxonadagi pichanlar kuyib kul bo‘lgan.

Achinarlisi, o‘t o‘chiruvchilar olov qa’ridan uy egasining 7 yashar (2012) qiz nevarasini qutqarib qolishgandi. Afsuski, olingan kuyish jarohatlari va tutundan dimiqish oqibatida qizaloq kasalxonaga yetmay halok bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasi xabariga ko‘ra, yong‘in sabablari aniqlanmoqda.