Xorijdan yuborilgan pullarni qayerdan olish mumkin?

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2020 yil 29 martdagi ko‘rsatma xatiga asosan bank binosidan tashqarida joylashgan kassalar, valyuta ayriboshlash hamda xalqaro pul o‘tkazmalari shoxobchalari faoliyati vaqtincha to‘xtatildi (bundan bojxona chegara hududida joylashgan bank infratuzilmasi hamda aholiga pensiya va nafaqa tarqatish maqsadida tashkil etilgan sayyor kassalar mustasno).

Aholiga chakana bank xizmatlarini ko‘rsatish, shu jumladan, xalqaro pul o‘tkazmalari operatsiyalari tijorat banklarining filiallari orqali amalga oshirilmoqda.

Biroq bugungi kunda “Invest Finans bank”, “Hamkor bank” hamda “Aziya Alyans bank”larida xalqaro pul o‘tkazmalari bo‘yicha mijozlarga xizmat ko‘rsatilmayapti. Qolgan 15 ta tijorat bankining joylardagi 70 ga yaqin filiallari belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Hozirda “Ipoteka bank” bilan hamkorlikda yaratilgan “Paysend2 ilovasi yordamida chet eldan pul o‘tkazmalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri plastik kartaga o‘tkazib berilishi mumkin. Mazkur xizmatdan foydalanilganda bankka borishning umuman zaruriyati yo‘q! Buning uchun yaqinlaringiz Sizga paysend.com sayti orqali, shuningdek, App Store yoki Google Play platformasidan “Paysend” mobil ilovasini yuklab olgan holda pul o‘tkazishlari mumkin.

B.XUDOYOROV,

Markaziy bankning Samarqand viloyati bosh boshqarmasi valyuta bo‘limi boshlig‘i.