Xotin-qizlar va oila masalasi – insoniyat kelajagiga daxldor mavzu

Samarqandda “Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha O‘zbekiston va Islom Hamkorlik Tashkiloti (IHT)ga a’zo mamlakatlar tajribasi” mavzusida xalqaro forum o‘tkazildi.

Unda yigirmadan ortiq davlatdan qirq nafarga yaqin xorijiy mehmonlar  -  Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibiyati, ayollar taraqqiyoti tashkiloti, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va tuzilmalari mutasaddilari hamda Islom hamkorlik tashkilotiga  a’zo davlatlarning oila va xotin-qizlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi davlat organlari rahbarlari, hukumat vakillari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Forumning ochilish marosimida dastlab O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyevaning videomurojaati tinglandi.

Senat raisi xotin-qizlarning qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanishi, mamlakatimizda xotin-qizlarning davlat va jamiyat hayotidagi o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlashga ustuvor e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan davlat siyosati – sohaga oid yirik islohotlar va ularning amaliy natijalari dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.

Shuningdek, tadbirda Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibining gumanitar, madaniy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari doktor Tarig Ali Baxit, O‘zbekiston  Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Zulayho Mahkamova, Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi ayollar taraqqiyoti tashkilotining birinchi ijrochi direktori Afnan al-Shuaybi, O‘zbekiston Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva so‘zga chiqib, oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyat hayoti va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tenglikni ta’minlash borasida Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar, xususan, O‘zbekistonda erishilayotgan natijalarga e’tibor qaratdilar. Mazkur xalqaro forum esa Islom hamkorlik tashkiloti davlatlarining ushbu yo‘nalishdagi hamkorligini yanada kengaytirish va o‘zaro tajriba almashishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

– Islom hamkorlik tashkiloti davlatlarida oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash sohasidagi erishilgan yutuqlar va tashabbuslarni ko‘rib chiqish, bu borada o‘zaro fikr va tajriba almashish mazkur forumning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva. – Bundan tashqari, iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida xotin-qizlarning faolligini kuchaytirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, gender siyosatining turli sohalari bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash, xotin-qizlarning mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy tahdidlarga qarshi kurashish samaradorligini oshirishdagi ishtirokini kengaytirish ko‘zda tutilgan.

Ochilish marosimidan so‘ng forum shu’balarga bo‘lingan holda o‘z ishini davom ettirdi.

Bu majlislarda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini kengaytirish, gender tengligini ta’minlash, ayollarning ijtimoiy muammolarini o‘rganish va tizimli hal etish mexanizmlari, xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va IT ga keng jalb etish, iqtisodiy huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, bandligini ta’minlash hamda tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash, globallashuv jarayonlarida oilaviy qadriyatlarni saqlash hamda oila institutini mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama etildi. Tashkilotga a’zo davlatlar vakillari, mamlakatimizdagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, deputatlarning ushbu yo‘nalishlar bo‘yicha ma’ruzalari tinglandi.

– Misrda ayollarning saylov huquqi kafolatlari o‘tgan asr 90-yillarida ta’minlangan va shundan keyin boshqaruv va siyosiy doiralarda ham xotin-qizlar faolligi ko‘zga tashlana boshlagan, – dedi Misr Arab Respublikasi Ayollar milliy uyushmasi prezidenti Maya Morsiy. – Ular mamlakat va xalq taqdiri uchun qarorlar qabul qilishda ishtirok etmoqda. Keyinchalik, bu huquq va vakolatlar 2013 yilda qonun bilan tasdiqlandi. Lekin hali xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bilan bog‘liq muammolar, to‘siqlar bor va ularning hal etish yo‘lidagi harakatlarimizni davom ettiramiz. Biz ayollarning siyosiy doiralarda ishtiroki muhim deb hisoblaymiz va buni ta’minlash asosiy maqsadlarimizdan biridir. Buning uchun yetakchi ayollari safini kengaytarish va salohiyatini oshirish zarur. Bu boradagi ishlar BMTning barqaror rivojanish maqsadlariga ham to‘la mos keladi.

Jazoir milliy birdamlik, oila va ayollar ishlari vaziri Kautar Kreyko Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarda xotin-qizlar huquqlarini ta’minlash, ularni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish borasida ko‘plab hujjatlar qabul qilingan, zarur chora-tadbirlar ko‘rilayotgan bo‘lsa-da bu borada kamchiliklar, yechimini kutayotgan masalalar mavjudligiga e’tibor qaratdi.

– Ayollarni qo‘llab-quvvatlash, huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi ishlar tufayli ular jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lmoqda, – deydi Kautar Kreyko. – Boshqaruv idoralarida ishlashi uchun kafolat berilmoqda va davlat tomonidan himoyalanmoqda. Shunga qaramay diniy tengsizlik yoki boshqa masalalar bahonasida ayollar huquqlari poymol etilishi kuzatiladi. Albatta, bunga qarshi davlat tomonidan choralar ko‘rilmoqda. Ayni paytda Jazoir rahbariyati mamlakatimizdagi xotin-qizlar manfaatlarini himoya qilish bilan birga Falastindagi zo‘ravonliklarga, ayollar va bolalarga bo‘layotgan noxolis munosabatga qarshiligini bildirib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zosi Gulnora Ma’rufova mazkur forum ayni paytda yurtimizda ilk bor o‘tkazilayotgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari oyligi”ga to‘g‘ri kelganiga urg‘u berib, ushbu maqsadlarning beshinchisi gender tenglik masalalariga qaratilganini ta’kidladi.

– Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash maqsadida 40 dan ortiq muhim konseptual hujjatlar, qonunlar qabul qilindi, – dedi G.Ma’rufova. – Milliy qonunchiligimizda “gender ekspertiza”, “gender audit” degan tushunchalar paydo bo‘ldi. Shu yil 11 aprelda esa “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur qonun bilan xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy sohada o‘z huquqlari va manfaatlarini amalga oshirishida qo‘llab-quvvatlash masalalarini tartibga soluvchi qonunchilikni xalqaro standartlar asosida takomillashtirishni nazarda tutuvchi, shuningdek bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlovchi o‘zgartishlar kiritildi. Bu esa xotin-qizlar va bolalarga nisbatan shilqimlik hamda zo‘ravonlikning oldini olishga, oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilashga, bolalar va xotin-qizlar huquqlari bilan bog‘liq xalqaro indekslarda mamlakatimizning o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi. Shu kabi sa’y-harakatlar natijasida davlatimiz barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 8 pog‘onaga ko‘tarilib, 166 davlat orasida 69 o‘rinni egalladi.

Forumda ko‘rib chiqilgan masalalar, muhokama etilgan mavzular yakunlari bo‘yicha kommunike qabul qilindi. Unda ishtirokchilar xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotining ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hayotida kengroq ishtirok etishga qaratilgan kechiktirib bo‘lmaydigan tadbirlarni amalga oshirish tarafdori ekanligini bildirib, Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning ayollar yetakchiligini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlarini e’tirof etdi. Shuningdek, moliyaviy inklyuzivlikni ta’minlash, ayollar tadbirkorligini rag‘batlantirish va investitsiyalar va bozorlarga kirish imkoniyatlarini yaxshilash bo‘yicha birgalikdagi harakatlarini kuchaytirish muhim deb hisoblaydi.

Forum yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibining gumanitar, madaniy va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari doktor Tarig Ali Baxit, O‘zbekiston  Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Ozoda Parpiboyeva tadbirlar yuksak saviyada o‘tganini ta’kidlab, unda muhokama etilgan masalalar nafaqat IHTga a’zo davlatlar, balki dunyodagi barcha xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash, oilalarni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyat bo‘lganini qayd etdi.