Xulosa chiqarmagan otaning qarzi 30 million so‘mdan oshdi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining sud hujjatiga asosan qarzdor O.B. tomonidan undiruvchi D.R.ning foydasiga ikki nafar farzandining voyaga yetgunlariga qadar moddiy ta’minoti uchun har oydagi ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan bir qismi miqdorida aliment pulini to‘lab borishi belgilangan.

Biroq qarzdor O.B. aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli Kattaqo‘rg‘on shahar ma’muriy sudining qarori bilan O.B. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47(4)-moddasi bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Fuqaro O.B. qo‘llanilgan jarima jazosidan so‘ng ham o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan qasddan va muttasil bo‘yin tovlab kelgan. Oqibatda uning qarzdorligi 2015 yilning iyun oyidan shu yilning oktyabr oyiga qadar 30 million 548 ming so‘mni tashkil etgan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan fuqaro O.B.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.