Xususiy klinikada o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotlarida 3 nafar bemor vafot etgan

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura «Mont Blanc» xususiy shifxonasida o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemorlar o‘limi yuz berganligi holati yuzasidan rasmiy ma’lumot berdi.

Xabarda qayd etilishicha, 2019 yil 1 avgustda Toshkent shahar Shayxontohur tumanida joylashgan «Mont Blanc» xususiy shifoxonasida fuqaro U.Baxranovga burun qiyshiqligini to‘g‘irlash yuzasidan jarrohlik amaliyoti o‘tkazilganidan so‘ng bemorning sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli 20 avgustda Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida joylashgan shifoxonaga yotqizilgan.

Biroq unga ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, U.Baxranov vafot etgan.

2019 yil 15 avgustda Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi L.Apostolovaga «Mont Blanc» xususiy klinikasida tashqi burun deformatsiyasi va burun to‘sig‘i qiyshayishini to‘g‘irlash bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan hamda burun to‘sig‘i qiyshayishi to‘g‘irlangan.

Jarrohlik amaliyotidan so‘ng bemor mustaqil nafas olishga o‘tkazilgan va unga antibakterial da’vo maqsadida «seftriakson» dori vositasi ichki qon tomiri orqali 1,0 ml. miqdorida yuborilgan.

Shundan so‘ng bemorning ahvoli keskin og‘irlashgan va chuqurlashtirilgan tekshirishlar o‘tkazish maqsadida RShTYoIMga olib borilgan. 2019 yil 19 avgust kuni markaz shifokorlari tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan, L.Apostolova shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

2019 yil 24 avgust kuni «Mont Blanc» xususiy klinikasida fuqaro G.Sharifovaga burun sohasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazish vaqtida unga yuborilgan narkoz noto‘g‘ri ta’sir qilishi natijasida ahvoli og‘irlashgan.

Oqibatda shu kunning o‘zida bemor uning yaqin qarindoshlari tomonidan  «Akfa medline» xususiy shifoxonasiga (klinik o‘lim holatida) olib kelingan. 26 avgustda shifokorlar tomonidan tibbiy muolajalar ko‘rsatilganligiga qaramasdan, G.Sharifova shifoxonaning jonlantirish bo‘limida vafot etgan.

Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan hujjatlar Bosh prokuraturada o‘rganilib, 2019 yil 12 noyabrda JKning 116-moddasi 4-qismi «a,b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ushbu jinoyat ishi bo‘yicha Shayxontohur tumani prokuraturasida dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Uning borishi Bosh prokuratura nazoratiga olingan.

Bundan tashqari, tuman prokuraturasi tomonidan yuqoridagi kabi holatlarning kelgusida sodir etilishining oldini olish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vaziriligiga taqdimnoma kiritilgan.