Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari va uni yoqib yuborgan tadbirkorga sud hukmi o‘qildi

Bugun, 18 oktyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudida sudlanuvchilar Bahriddin Isamov (1963 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti – o‘rta-maxsus, oilali, “Hisor sarlochin” MChJda ishchi bo‘lib ishlagan) va Mansur Tuymayev (1976 yilda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan, millati - o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma’lumoti - oliy, oilali, Yakkabog‘ tumani hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlagan)ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetdi va sud hukmi e’lon qilindi.

Mazkur jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudi raisi Lutfulla Mamarajabov raisligida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, B.Isamov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 25, 98-moddasi (kuchli ruhiy hayajonlanish holatida qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish)da nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga shu modda bilan 2 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Ehtiyot chorasi sifatida 2019 yil 21 iyuldan 2019 yil 29 avgustga qadar 1 oy 8 kun qamoqda o‘tirgan kunlari tayinlangan jazodan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 62-moddasi (dastlabki qamoq vaqtini hisobga olish qoidalari)ga asosan chegirilib, qat’iy o‘tash uchun 1 yil 10 oy 22 kun ozodlikni cheklash jazosi qoldirildi.

M.Tuymayev O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-1-moddasi (xususiy mulk huquqini buzish) 3-qismi “a” bandi va 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 2-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 1 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda eng kam oylik ish haqining 510 baravari miqdorida ya’ni, 103 392 300 so‘m jarima jazosi tayinlandi. Jarimani davlat foydasiga undirish belgilandi. M.Tuymayevning jinoiy harakatlari oqibatida 61 ta tadbirkor va 30 ta fuqaroga yetkazilgan moddiy zararni to‘liq qoplab berish majburiyati Yakkabog‘ tumani hokimligi zimmasiga yuklatildi.

Mazkur jinoiy ish bo‘yicha sudga raislik qiluvchi tomonidan sudlanuvchilarga va boshqa tomonlarga hukm ustidan shikoyat qilish tartibi va muddati tushuntirildi.

Aziz OBIDOV,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi rasmiy vakili.