Yana mayning qurilmasi: Samarqand shahrida davlatga 2,2 mlrd. so‘mdan ko‘p zarar yetkazgan shaxs ushlandi
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va Samarqand viloyat hududiy elektr tarmoqlari korxonasi mutaxassislari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida Samarqand shahrida yashovchi 33 yoshli H.A. noqonuniy ravishda o‘z yashash xonadonida 21 ta "mayning" qurilmalaridan foydalanib "Mayning-ferma" tashkil qilgani aniqlangan.
Unga ko‘ra, fuqaro "Mayning-ferma" faoliyati uchun hech qanday ruxsatnoma va hujjatlarsiz hamda elektr tarmog‘iga hisoblagichlarsiz o‘zboshimchalik bilan ulanib, 2 mlrd. 252 ming so‘m miqdorida moddiy zarar keltirganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan JKning 169-moddasi 4-qismi "a" bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, X.A.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, JKning 169-moddasi 4-qismi "a" bandidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 8 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.