Yangi ish o‘rinlarini yaratish qog‘ozda qolib ketmasin
Joriy yilda Toyloq tuman bandlikka ko‘maklashish markazi tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi bandligini ta’minlash dasturi asosida 1698 nafar ishsizning bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha yo‘llanma bilan 1291 nafar fuqaro yangi ish joylariga joylashtirilgan.
- Bugungi kunda tumanimizdagi ishsizlar, kollej bitiruvchilari, mehnat migrantlari, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar vakillari hamda odam savdosi qurbonlarini ishga joylashtirish borasida reja asosida ish olib boryapmiz, - deydi tuman bandlikka ko‘maklashish markazi boshlig‘i o‘rinbosari Shavkat Doniyorov. - Jumladan, jamoat ishlari jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish maqsadida tumandagi barcha mahallalarda istiqomat qiluvchi ishsiz fuqarolarni aniqlab, ularning 342 nafarini vaqtinchalik haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qildik. Kam ta’minlangan oilalar a’zolari, nogironlar va ish topishda qiynalayotgan shaxslardan 32 nafarini kvota ish o‘rinlariga joylashtirdik.
Ammo aholini ish bilan ta’minlash hududiy dasturiga ko‘ra, tumanda besh oy ichida vaqtinchalik haq to‘lanadigan jamoat ishlari uchun 678 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan ekan. Bu borada reja 50 foizga bajarilgan. Dasturda ko‘zda tutilgan 61 nafar ishsiz yoshlarning 20 nafarigina qayta kasbga o‘qitish markazlarida hunar o‘rganmoqda.
Markazning turg‘un punkti mutaxassisi Q.Tohirov o‘z hududida targ‘ibot va tushuntirish ishlarini yetarlicha olib bormaganligi sababli ishsizlardan qayta kasbga yo‘llaganlardan 3 nafar, haq to‘lanadigan jamoat ishiga esa 22 nafar ishsiz kam jalb qilingan.
- Ancha vaqtdan beri ishsiz yurgan edim, - deydi Charog‘bon mahallasida yashovchi Hasan Bahodirov. - Tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga ish so‘rab murojaat qilgandim, o‘zim yashayotgan mahallada vaqtinchalik haq to‘lanadigan jamoat ishiga qabul qilishdi. Men bilan birga yana uch kishiga mahallaning obodonchilik ishlarini ishonib topshirishdi. Oylik maoshi 610 ming so‘m ekan. Bu oila tebratish uchun kamlik qiladi.
2019 yilda yangi ish o‘rinlari tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasining shu davrgacha bo‘lgan rejasi ham oshirib bajarilgan, ammo sektorlar kesimida oladigan bo‘lsak, bu ko‘rsatkichlar pastligi ayon bo‘ldi. Jumladan, tuman IIB boshlig‘iga qarashli sektorda ko‘zda tutilgan barcha rejalar bajarilgan bo‘lsa-da, tuman prokuroriga qarashli hududlarda birinchi chorakda tadbirkorlarning o‘z mablag‘lari hisobidan rejadagi 14 ta o‘rniga 7 ta, tuman hokimiga qarashli sektorda hunarmandchilik sohasida 5 ta o‘rniga 4 ta, davlat soliq inspeksiyasi rahbari sektorida 6 ta o‘rniga 4 ta yangi ish o‘rni yaratilgan, xolos. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun 358 ta kvota ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan, ammo hozirgacha ularning bor-yo‘g‘i 10 foizidan ko‘prog‘i muqim ish o‘rniga ega bo‘lgan.
- Tadbirkorlik qilishni istagan 22 nafar yoshlarga «Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasi tomonidan 3,5 milliard so‘mga yaqin kredit mablag‘lari ajratib berildi, - deydi jamg‘armaning tuman bo‘limi bosh mutaxassisi Temur Shaxobov. - Shuningdek, yoshlarimizni ish bilan ta’minlash maqsadida tumanimiz markazida yosh tadbirkor F.Musinov hamda Galabotir mahallasida B.Nishonova tomonidan "Yoshlar mehnat guzari" qurilmoqda. Tez kunlarda ishga tushadigan mazkur guzarda non va non mahsulotlari, tikuvchilik, maishiy xizmat ko‘rsatish hamda mehmonxona sohalarida 30 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Nodirjon Xolov ham katta ishga qo‘l urgan tadbirkorlardan. U o‘tgan yili «Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasining imtiyozli kredit mablag‘laridan olib, sovun ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona ochishga qaror qilgan edi. Hozirda mazkur korxonada tuman bandlikka ko‘maklashish markaziga ish so‘rab murojaat qilgan 10 nafar yoshlar mehnat qilmoqda.
Jonibek Ashurov ham tengdoshlari qatori «Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasi tomonidan ajratilgan 85 million so‘mlik kredit evaziga mebel jihozlari ustaxonasi tashkil etdi.
- Korxonamizda 10-12 turdagi mebel jihozlari yasab, bozorga chiqaryapmiz, - deydi yosh tadbirkor. - O‘zim bilan birga yana uchta yosh ustalar mehnat qiladi. Mahsulotlarimiz elga manzur bo‘lib, yanada ko‘proq ishlab chiqarishga harakat qilyapmiz. Ammo bugungi kunga kelib ustaxonamiz kichiklik qilmoqda. Bir necha marta tuman hokimligiga qo‘shimcha ustaxona va omborxona uchun joy ajratib berishlarini so‘rab murojaat qildik. Ikki oydan beri va’da berishyapti, ammo haligacha ajratilgani yo‘q. Hozirgi joyimizda ijarada turibmiz. Asbob-uskunalarimizni o‘rnatishga joy yo‘qligidan mahsulotlarimizni Samarqand shahriga olib borib, qirqib kelishga majbur bo‘lyapmiz.
«Yoshlar - kelajagimiz» jamg‘armasi loyihalari asosida olti oy ichida 390 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kerak edi. Ammo J.Ashurov kabi yoshlar oldida uchrayotgan turli sun’iy to‘siq va qiyinchiliklar sabab yuzdan ziyod yoshlar muqim ish joylariga ega bo‘lolmayapti.
Aholi bandligini ta’minlash davlatimizning ustuvor vazifalaridan biri. Shu maqsadda har yili turli loyihalar, dastur va chora-tadbirlar tuziladi, ammo ularning bajarilishi faqat qog‘ozlarda qolib ketmoqda.
Dilmurod TO‘XTAYeV.