Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi insofli va halol tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlaydi
2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining «Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish» deb nomlangan uchinchi yo‘nalishida makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish kabi masalalar belgilangan.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rag‘batlantirish, soliq yukini kamaytirish va soliqqa tortish tizimini soddalashtirish, soliq ma’muriyatini takomillashtirish hamda tegishli rag‘batlantiruvchi choralarni kengaytirish kabi chora-tadbirlar ijrosini ta’minlashda yangi tahrirda qabul qilingan Soliq kodeksi alohida ahamiyatga ega.
Chunki iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish sharoitida biznesni yuritish va rivojlantirishda, shuningdek, soliqqa tortish jarayonlarida soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarning ko‘pligi, samarasiz soliq imtiyozlarining mavjudligi va xufiyona iqtisodiyotning avj olib borishi kabi omillarni bartaraf etish uchun yangi tahrirdagi Soliq kodeksi ishlab chiqilishi zarur edi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining qabul qilinishi jarayonida soliq solish tizimini soddalashtirish, uni ochiq, oshkora amalga oshirishni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatida soliq yukini kamaytirish orqali investitsiyaviy faollikni oshirish, barcha uchun adolatli va mutanosib soliq tizimini yaratish masalalari keng muhokama qilindi.
2020 yilning 1 yanvaridan qonuniy kuchga kirgan va 21 bo‘lim, 71 bob, 480 moddadan iborat ushbu Soliq kodeksi soliq qonunchiligida yangi qoida va normalarni o‘zida aks ettirdi.
Soliq yukini kamaytirish va uni soddalashtirib, unifikatsiya qilish yo‘nalishida:
Yagona ijtimoiy to‘lov o‘rniga ijtimoiy soliq, yagona soliq to‘lovi o‘rniga – aylanmadan soliq, qat’iy belgilangan soliq o‘rniga - jismoniy shaxslarning daromadlariga, ularga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ilgari berilgan imtiyoz va soliqni hisoblash xususiyatlarini saqlab qolgan holda, qat’iy belgilangan miqdordagi soliq turlari joriy etildi.
Endilikda hisobvaraq-fakturalar qoida tariqasida elektron ko‘rinishda rasmiylashtirilishi belgilandi. O‘z navbatida, endi tovar va xizmatlar realizatsiyasi jarayonida hisobvaraq-fakturalarning elektron shaklda taqdim etishlishi lozimligini anglatadi. Soliq to‘lovchilar endi elektron hisobvaraq-fakturalar operatorini o‘z xohishiga ko‘ra tanlashlari mumkin.
Soliq ma’muriyatchiligini yanada takomillashtirish yo‘nalishida:
Soliq to‘lovchi qarzlarini undirish uning debitoridan olinadigan summaga qaratilishi bekor qilindi. Buning natijasida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi sub’yektlar hisob raqamidagi tovar va xizmatlar realizatsiyasi aylanmasi yanada ko‘payadi.
Soliq idorasi xodimlarining mas’uliyatini oshirish maqsadida endilikda soliq organlari ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarni o‘z vaqtida qaytarish jarayoni takomillashtirildi.
Xususan, undirilgan soliq va moliyaviy sanksiyalar summalarini, ushbu summalarni undirish (to‘lash) davrida amalda bo‘lgan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqiladi. Bunda soliq summasini qaytarish jarayoni har bir kechiktirilgan kun uchun soliq to‘lovchiga foiz to‘lash orqali tartibga solinadi. Ayni ushbu mexanizm yo‘lga qo‘yilishi bilan agarda tadbirkorlik sub’yektlaridan ortiqcha pul mablag‘lari undirilganda, uning qaytarilishi zudlik bilan ta’minlanishiga erishiladi.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksining o‘ziga xos jixatlaridan yana biri shundaki, unda ilk bor soliq organlarining huquq va majburiyatlari belgilandi. Shuningdek, soliq munosabatlari doirasida qonun hujjatlarini to‘g‘ri bajarish maqsadida soliq to‘lovchilar bilan hamkorlik qilinishi shartligi kabi tamoyil o‘rnatildi. Ushbu qoidaning amalga kiritilishi bevosita soha xodimlarining soliq to‘lovchilar oldida mas’uliyatini oshiradi.
Endilikda soliq tekshiruvlarining 13 ta turi qisqartirildi va tekshiruv turlari quyidagi ko‘rinishga keltirildi:
a) kameral soliq tekshiruvi
b) sayyor soliq tekshiruvi (soliq to‘lovchining ayrim ko‘rsatkichlarini joyiga chiqqan holda o‘rganish);
v) soliq auditi.
Etibor qilinishi lozimki, soliq auditini o‘tkazishda zarariy shart sifatida davlat soliq xizmati organlari mazkur tekshiruv tayinlanganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilni xabardor qilishi lozimligi belgilandi.
Endilikda yuqorida havola etilgan tekshirishlarning barchasi inson omilisiz, faqat “Tahlika-tahlil” dasturi asosida 3 ta segmentga bo‘lish asosida amalga oshiriladi. Bunda soliq organlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari 42 ta mezon asosida 3 segmentga, ya’ni, “vijdonli”, “shubhali” va “muntazam huquqbuzarlar”ga ajratgan holda, ular bilan alohida faoliyat tashkil etish yo‘lga qo‘yiladi.
Tekshirishlarning xolis va qonuniyligini ta’minlash uchun jarayonlar inson omili aralashuvisiz amalga oshiriladi. Buning natijasida soliq tekshiruvlarining shaffofligi (transparentligi) ta’minlanadi.
Endi soliq idoralari jarimalarni profilaktik tadbirlar o‘tkazgandan keyingina qo‘llay oladi. Bu esa soliq munosabatlariga kirishgan soliq to‘lovchilarga faoliyatida bildirilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida tuzatishiga imkon beradi.
Bugungi kunda yangi kodeksga asosan soliq turlarining soni 13 tadan 9 tagacha kamaytirildi va soliq to‘lovchilarga soliq rejimini tanlash, ularni to‘lash tartibida qonuniy belgilangan imtiyozlar taqdim etilmoqda.
Chunonchi, yakka tartibdagi tadbirkor soliq to‘lash tartibini tanlash jarayonida soliqni qat’iy belgilangan miqdorda yoxud jismoniy shaxsning jami yillik daromadi to‘g‘risida deklaratsiya asosida to‘lashi mumkin.
Soliq to‘lovchi o‘z majburiyatlarini bajarishida unda tanlash huquqining mavjudligi uning faoliyati erkinligini kafolatlaydi. Ya’ni, tadbirkorlik sub’yektlari yagona ijtimoiy to‘lovni 12 foiz miqdorda to‘laydi. Muqaddam bu miqdor 25 foizni tashkil etgan.
Misol uchun, qishloqlarda sartaroshxona xizmatlarini, yakka tartibdagi buyurtmalar bo‘yicha kiyim tikish xizmatlarini, poyabzal ta’mirlash xizmatlarini amalga oshirayotgan, jamoat hammomlarini tashkil etgan yakka tartibdagi tadbirkorlar 2023 yil 1 iyulga qadar barcha turdagi soliqlarni to‘lashdan ozod etildi (aholi soni 5 ming kishidan ko‘p bo‘lgan aholi punktlari bundan mustasno).
Shu bilan birga, o‘zi ishlab chiqargan qishloq xo‘jaligi tovarlarini realizatsiya qilishdan olingan foydasi bo‘yicha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxonalar foyda solig‘ini 0 foiz miqdorida to‘lashi belgilandi. Bunda realizatsiya qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 90 foizdan ortiqni tashkil etishi lozim.
Amaldagi Soliq kodeksi bilan endilikda tadbirkorlar uchun pulli yoki bepul asosda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi yoki u vakolat bergan organ ishtirokisiz soliqlarni to‘lashni kechiktirish yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini taqdim etishning yangi shaffof mexanizmi joriy qilinyapti. Ushbu imkoniyatni taqdim qilish vakolatlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga berilishi nazarda tutilgan.
Muxtasar aytganda, yangi tahrirdagi Soliq kodeksining ishlab chiqilishi iqtisodiy dastaklardan biri bo‘lgan soliq qonunchiligini takomillashtirish bilan birga, insofli va halol tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlaydi.
Bekzod MIRZAYeV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining Navoiy viloyati yetakchi inspektori.