Yangi tug‘ilgan chaqaloqni 4 million so‘mga sotayotgan doya ushlandi
Bugun insoniyat hayotiga jiddiy xavf solib turgan global muammolar orasida odam savdosidek jirkanch illat ham borligi achinarli. Eng yomoni, odamlar havoyi nafs ilinjida o‘z jigargo‘shasini pullashdan ham tap tortmayotir.
Jumladan, Qarshi shahrida yashovchi E.N. shu yil 25 mart kuni Qarshi shahar IIO FMB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilib, unda Nishon tumani tug‘ruq majmuasida navbatchi doya lavozimida ishlovchi Sh. ismli ayol bir hafta oldin tug‘ilgan chaqaloqni sotmoqchi ekanini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
25 mart kuni soat 15:00 larda Qarshi shahar IIO FMB xodimlari shahardagi Samarqand MFY, Islom Karimov ko‘chasida joylashgan 4-umumiy o‘rta ta’lim maktabi ro‘parasida, Qarshi tumanida yashovchi, Nishon tumani tug‘ruqxonasida doya bo‘lib ishlovchi X.Sh. va Nishon tumani, G‘afur G‘ulom MFYda yashovchi Ch.G. 4.000.000 so‘m pul evaziga 13 mart kuni Nishon tumani tug‘ruqxonasida tug‘ilgan qiz chaqaloqni tadbirda xaridor sifatida ishtirok etgan E.N.ga bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Bu haqda Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.
Holat yuzasidan olib borilgan dastlabki surishtiruvlar davomida X.Sh. Ch.G.ning qizi B.Ch.ni Nishon tumani tug‘ruq majmuasi mudiri, Nishon tumanida yashovchi S.N. bilan birga 5.000.000 so‘mga sotib, Ch.G.ga tug‘ish harajatlarini bermoqchiligini bildirgan. X.Sh.ning ko‘rsatmasiga asosan, 25 mart kuni soat 20:30 larda Nishon tumanida joylashgan bekatda navbatchi doya X.Sh. mudir S.N. bilan uchrashib, unga qiz chaqaloqni sotishdan tushgan 4.000.000 so‘m pullarni bergan vaqtida Qarshi shahar IIO FMB xodimlari tomonidan ushlangan.
Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan X.Sh. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.