Yanvar oyi yuz bergan YTHlari oqibatida 114 kishi halok bo‘ldi
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘yicha taxminan 1,35 million kishi yo‘l-transport hodisasiga uchraydi, 1 million kishi esa turli darajadagi tan jarohati oladi. Xususan, O‘zbekistonda 2020 yilning yanvar oyida yo‘llarda 114 kishi halok bo‘ldi, ya’ni kuniga o‘rtacha 4 kishi.
Albatta, bu 2018 yil bilan taqqoslaganda biroz yaxshilangan (yil davomida 2 262 kishi yoki kuniga 6 kishi). Biroq xursand bo‘lishga hali erta. O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB ma’lumotiga ko‘ra, birgina yanvar oyining so‘nggi o‘n kuni davomida respublika bo‘yicha 54 nafar fuqaro YTH oqibatida halok bo‘ldi. Jami yanvar oyi davomida 373 ta YTH, shu jumladan, 24 ta YTH bolalar ishtirokida sodir etilgan. Hududlar kesimida eng yomon ko‘rsatkich poytaxt va Toshkent viloyatida (har birida 59 tadan YTH) kuzatilgan. Navoiy viloyatida esa YTH eng kam sodir etilgan (9 ta).
Qoidabuzarlikni keltirib chiqargan eng ko‘p sabablar - bu yo‘lning belgilanmagan joyidan o‘tish (89 ta hodisa), belgilangan tezlikka rioya qilmaslik (48), haydovchi piyodani ko‘rmay qolishi (40). Ushbu ko‘rsatkichlar nafaqat yo‘l harakati ishtirokchilarining (ham piyodalar, ham haydovchilarning) huquqiy savodxonlik darajasi nisbatan pastligini, balki yetarli darajada infratuzilma yaratilmagani, ayniqsa, piyodalar uchun yo‘lni kesib o‘tish qismida svetofor va boshqa ogohlantiruvchi vositalar o‘rnatilmaganini tasdiqlaydi.
“Yuksalish” UMH yaqinda xalqaro amaliyot va yurtimizdagi vaziyatni kompleks tadqiq etgan holda shaharlar va aholi yashash punktlarida ruxsat etilgan eng yuqori harakat tezligini 70 km/soat dan 60 km/soatga pasaytirish, jamoat transporti tarmog‘ini rivojlantirish, aholini elementar xavfsizlik qoidalariga rioya etishlari uchun ularning xabardorligini oshirish kabi tashabbusini ilgari surgan edi.
Ushbu yo‘nalishdagi ishlar boshlab yuborildi. “Yuksalish” UMH raisi Akmal Burxanov BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer bilan uchrashib, yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda tadqiqot va loyihalarni amalga oshirishga kelishib oldi.
“Yuksalish” UMH xodimlari, o‘z navbatida, ushbu dolzarb muammoga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsadida oylik ma’lumotlarni umumlashtirib, infografika ko‘rinishida taqdim etib borishni maqsad qilgan.
2020 yilning yanvar oyida yo‘llarda sodir etilgan YTH statistikasi e’tiboringizga havola etiladi.