Yaponiyada aqlli niqob-tarjimon yaratildi

Yaponiyada robotlar ishlab chiqaruvchi kompaniya o‘z egasi nutqini boshqa tillarga tarjima qilib bera oladigan niqob ishlab chiqdi. Bu haqda Travel and Leisure xabar berdi.

U nafaqat koronavirusdan himoya qiladi, balki o‘z egasi nutqini dunyoning 9 ta tili – ingliz, fransuz, indonez, ispan, yapon, xitoy, koreys, tay va vetnam tillariga tarjima qiladi. Niqob Bluetooth orqali smartfonga ulanadi.

Kompaniya so‘nggi bir necha yildan buyon Tokio aeroporti uchun tarjimon robotlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ular uchun ishlab chiqilgan dastur ta’minoti niqob orqali so‘zlanadigan og‘zaki nutq uchun qayta o‘zgartirildi.

Yangi turdagi niqoblarning sentyabr oyida savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan. Ularning bahosi 40 AQSh dollari bo‘lishi aytilmoqda. Niqoblar dastlab Yaponiyada, keyinchalik Xitoy, Yevropa va AQShda savdoga chiqariladi.