Yaponiyaning Fukusima provinsiyasi qirg‘oqlarida kuchli zilzila sodir bo‘ldi, jarohatlanganlar bor

Yaponiya yong‘in va tabiiy ofatlarni nazorat qilish agentligining ma’lumotlariga ko‘ra, yettita prefekturada 7,4 magnitudali kuchli zilzilalar qayd etilgan Miyagi va Fukusimada jabr ko‘rganlar 200 kishiga yetdi, 4 kishi halok bo‘ldi.



Zilzila kecha mahalliy vaqt bilan 23:36 (Toshkent vaqti bilan 19:36) da yuz berdi.

Meteorologlarning ta’kidlashicha, yer silkinishlari dengiz sathidan 60 kilometr chuqurlikda sodir bo‘lgan. Miyagi va Fukusima provinsiyalarida yashovchi yuzlab odamlar sunami xavfi tufayli evakuatsiya qilindi.

Avvalroq “Fukusima-1” avariyaviy atom elektr stansiyasining mashina xonasida yong‘in signalizatsiyasi ishlagani xabar qilingandi, biroq keyinroq yong‘in bo‘lmagani ma’lum bo‘ldi. Stansiya hududida radiatsiya foni oshmagan.

Tabiiy hodisa 2 millionga yaqin uyni elektrsiz qoldirdi, ulardan 700 mingtasi Tokioda. Ayni paytda elektr ta’minoti deyarli tiklangan.