Yasharish va yashnash ayyomi

O‘zbekiston mustaqilligi arafasida mamlakatimizda milliy qadriyatlarimizning bebaho namunasi bo‘lgan Navro‘z bayrami keng nishonlana boshlandi. Bu o‘z davrida misli ko‘rilmagan jasorat edi. Mana, 30 yildan buyon Navro‘z O‘zbekistonda umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.

2009 yil 30 sentyabrda Navro‘z YuNESKO tarafidan nomoddiy madaniy meros sifatida ro‘yxatga kiritildi. 2010 yil 23 fevralda esa  BMT Bosh Assambleyasining 64-sessiyasida 21 mart “Xalqaro Navro‘z kuni” deb e’lon qilindi. Bundan albatta, Markaziy Osiyo xalqlari qalbida iftixor tuyg‘usi jo‘sh urgani, shubhasiz. Negaki, Navro‘z bayramining mohiyati azaldan umuminsoniylik g‘oyalariga yo‘g‘rilganligi bilan ajralib turadi. Qolaversa, bu  bayram qanchalik qadimiy bo‘lmasin, zamonlar o‘tgan sayin insoniyat qalbida shunchalik yangicha ilhom, kuch va ishtiyoq uyg‘otadi. "Bu bayram xalqning tozalik va xursandchilik kunidir", deganida haq edi elshunos olim Mahmud Qoshg‘ariy.

Darhaqiqat Navro‘z sharqona yangi yilning birinchi kuni sifatida Eron, Turon zamini, hozirgi Ozarbayjon va Rusiyaning turkiy xalqlari orasida keng nishonlanadi. Bu bayramni hech ikkilanmasdan mehr-oqibat, shirinsuxanlik va eng asosiysi - birdamlik bayrami deyishimiz mumkin.

Markaziy Osiyo olimlari tomonidan bu qutlug‘ bayramning qachon paydo bo‘lgani xususida turli mulohazalar bildirilgan. Atoqli olim Xodi Zarif Navro‘zi olamning yoshini 3000 yildan ko‘pdir, deb hisoblagan. Navro‘z kelib chiqishi jihatidan "Avesto" zamoniga borib taqalishi ham alohida qayd etilgan. X asr olimi Narshaxiy buxoroliklarning Navro‘zi va bu kunlarda dehqonlar aytadigan qo‘shiqlar haqida yozar ekan, bu gaplarning bo‘lib o‘tganiga 3000 yildan ko‘p vaqt o‘tdi, deya qayd etadi. Abu Rayhon Beruniyning "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar" asarida Eron, So‘g‘d va xorazmliklarning Navro‘zni qanday nishonlashlari borasida qimmatli ma’lumotlarni yozib qoldirgan. Unda qayd etilishicha, bu kuni Jamshid podsho bo‘lib, taxtga o‘tirgan. Hikoya qilinishicha, u o‘ziga shohona taxt yasattirib, boshiga toj kiygancha, taxtga chiqqanida, shu payt quyosh har galgidan yorqinroq nur socha boshlabdi. Oftobning zarrin nurlari Jamshidning toju-taxtini munavvar qilibdi. Xorazmda esa Navro‘z Siyovush avlodlarining bu hududga ko‘chib kelib o‘rnasha boshlagan davridan beri nishonlanib kelingan. Allomaning bu ma’lumotiga e’tibor beradigan bo‘lsak, demak Xorazmda Navro‘z Zardo‘sht ibn Safiddan yana ming yil avval nishonlana boshlanganini anglash mumkin.

Xorazmliklarning udumiga ko‘ra, qadimda Navro‘z kiradigan kun arafasida yoshullilar bir idishga har xil meva hamda nozbo‘ygullarni solib, xonning oldiga borib: "Ertaga Navro‘z kiradi, shuni xalqqa ma’lum qilishga ijozat bering", deyishgan. Xon ijozat bergach, jarchilar "Navro‘z kirdi!" deb odamlarni bayramdan daraklaganlar. Xorazmliklar Navro‘z kuni paydo bo‘lgan kamalakka suv sepganlar. Bu odat hozir ham saqlanib qolgan.

Navro‘z shodiyonalariga hamohang tarzda necha ming yildirki, sumalak sayillari ham davom etib keladi. Biroq Sho‘rolar davrining 70-80-yillarida sumalak sayli eskilik sarqiti sifatida qoralanib kelindi. Hatto komfirqa yalovbardorlari tazyiqi bilan mahallalarda sumalak tayyorlash, bayramni nishonlash qattiq ta’qiqlab qo‘yildi.

Abu Rayhon Beruniy o‘zining “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida manba sifatida bir hadisni keltirib o‘tadi. Bu hadis qanchalik sahihligi men uchun qorong‘i. Biroq alloma keltirgan ma’lumotga ko‘ra, Navro‘z kuni payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomga holva solingan kumush jom hadya qilganlar. Shunda xotam-un-nabiy hazratlari "Bu nima?" -deb so‘raganlar. "Navro‘z!" deb javob berilgan. Payg‘ambar alayhissalom yana so‘raganlar: "Navro‘z nima o‘zi?". "Eronliklarning ulug‘ hayiti", deyishgan hadya keltirgan sahobalar javoban. Shunda Rasululloh: "To‘g‘ri, bu shunday bir kunki, Xudo bunda "askara"ni tirgizgan (jonlantirgan)", deya lutf etganlar. Manbalarda ta’kidlanishicha, askara - qahatchilik va qiyinchilikdan qo‘rqib Tangridan panoh so‘ragan minglarcha kishilardir. Ularga Alloh "O‘ling!" degan, so‘ngra ularni Navro‘z kunida qayta tirguzib, ruhlarini o‘zlariga qaytargan. Tangri osmonga buyurgan, osmon ularning ustlariga yomg‘ir yog‘dirgan. Shuning uchun odamlar Navro‘z kuni suv sepishni odat qilganlar. Keyin Rasululloh holvani yeb, jomni suhbatdoshlariga taqsimlab bergan va: "Koshki biz uchun har kun Navro‘z bo‘lsa!" deganlar.

Mir Alisher Navoiyning "Har tuning qadr o‘lubon, har kuning Navro‘z o‘lsin", misralari aynan ana shu hadisga uyqash ohangdir.

Zamonlar o‘tgan sayin qadimiy Navro‘z shodiyonasi an’anasi yangicha ruhda sayqal topib boraveradi. Endilikda bu bayram yangi sharqona yilning birinchi kuni, yangi fasl va dehqonchilikning debochasi hamda mehr-oqibat, xayr-saxovat tadbiri sifatida keng nishonlanmoqda. Bu kunlarda odamlar bir-biri bilan diydorlashadilar, sovg‘alar hadya qiladilar, qariyalar, kasalmand, mehrga muhtoj kishilar holidan xabar oladilar. Zero, Navro‘z kishilar bir-birini avaylashga, hurmat qilishga undar ekan, mohiyatan u faqatgina Sharq xalqlari bayrami emas, balki ezgulikka talpinuvchi butun bashariyat bayramidir.

Erpo‘lat BAXT.