YHXBB 16 yoshdan haydovchilik guvohnomasi berish taklifi bo‘yicha bayonot berdi

«Mening fikrim» jamoaviy murojaatlar portaliga O‘zbekistonda 16 yoshdan avtomobil boshqarishga ruxsat berish bo‘yicha taklif joylashtirilgan edi. Ichki ishlar vazirligi yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi ushbu masala bo‘yicha bayonot berdi.

Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida haydovchilik guvohnomasini olganiga 2 yil bo‘lmagan haydovchilar tomonidan 612 ta yo‘l-transport hodisalari sodir etilgan bo‘lib, ular oqibatida 191 nafar fuqaro hayotdan bevaqt ko‘z yumgan bo‘lsa, yana 571 nafari turli darajadagi tan jarohatlari olgan.

"Boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi yurtimizda ham haydovchilik guvohnomasi olish uchun bir qancha talablar belgilangan. O‘zbekiston Respublikasining “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonuni talablari asosida ishlab chiqilgan Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda “A” toifadagi mototransport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lish uchun 16 yoshga, “V” va “VS” toifaga ega bo‘lish uchun 18 yoshga hamda “D” toifaga ega bo‘lish uchun esa 21 yoshga (jumladan, tramvay va trolleybuslar) to‘lgan shaxslarga ruxsat etiladi.

Ushbu normalar qaror loyihalarini ishlab chiqish jarayonida xorijiy davlatlarning tajribalari o‘rganilib kiritilgan va bu talablar Yo‘l harakati to‘g‘risidagi (1968 yildagi Vena Konvensiyasi) Konvensiya normalariga mosdir.

16 yoshdan haydovchilik guvohnomasini berish tartibi joriy qilingan xorijiy davlatlar o‘rganib chiqildi.

Misol uchun: Shvetsiya, Fransiya, Avstriya, Estoniya, Norvegiya va ayrim Yevropa davlatldarida xuddi bizning normativ hujjatlarda belgilanganidek 16 yoshda uncha katta bo‘lmagan mototsikllar (mopedlar)ni, 18 yoshda avtotransport vositasini boshqarishga ruxsat etiladi.

16 yoshli bola hali maktab yoki kasb-hunar kolleji o‘quvchisidir. Aynan ushbu yoshdagi bolalar o‘qishini davom ettirishi, boshqa ishlar bilan chalg‘imasligi, jamiyat uchun foyda keltiradigan bilimli insonlar bo‘lib ulg‘ayishlari zarur.

16 yoshli bolalarda tirishqoqlik, izlanuvchanlik bilan birga maqtanchoqlik, oliftalik kabi hislatlar ham eng avjiga chiqqan vaqt hisoblanadi. Bu yoshdagi bolalarning transport vositasini o‘zboshimchalik bilan boshqarishi salbiy oqibatlar bilan yakun topganligi holatlari uchramoqda.

16 yoshli bolalarda hali “Men” degan fikr so‘nmagan bo‘lishi, maqtanishni, “oliftalikni” yaxshi ko‘rishi, buning oqibatida esa yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik, mensimaslik yoki qasddan tengdoshlariga, do‘stlariga avtomobilini maqtanish uchun yo‘l harakati qoidalariga qarshi harakat qilishi, bu esa fojiali oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin, deyiladi IIV YHXBB bayonotida.