Yigitlar muddatli harbiy xizmatga saralanmoqda

Mudofaa vazirining 2019 yil 15 apreldagi buyrug‘i, Samarqand viloyati hokimining joriy yil 10 avgustdagi qaroriga asosan tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlarida chaqiriluvchilar sinovdan o‘tmoqda.

Bu jarayon 2021 yil 10 fevralga qadar davom etadi.

- “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunga asosan muddatli harbiy xizmatga, shuningdek, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga 18 yoshdan 27 yoshgacha bo‘lgan, salomatligiga ko‘ra Qurolli Kuchlar safida harbiy xizmatni o‘tashga yaroqli erkak fuqarolar chaqiriladi, - deydi Samarqand viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi boshlig‘i F.Alimxodjayev. - Chaqiriluvchilar tanlovi, ya’ni hujjatlarini o‘rganish, umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholash va yakka tartibda suhbat tanlov kengashi a’zolari tomonidan keng jamoatchilik vakillari ishtirokida o‘tkazilmoqda.

Umumjismoniy tayyorgarlik darajasini baholashda chaqiriluvchilar kuch, tezlik va chidamlilikni aniqlovchi normativlar topshiradi. Bu borada o‘tkazilgan sinov natijalari asosida chaqiriluvchini harbiy-texnika mutaxassisligi bo‘yicha tayyorgarlikka jalb etish yoki muddatli harbiy xizmatni o‘tashi yuzasidan tavsiya beriladi yoki tavsiya etilmaydi.

Yakka tartibdagi suhbat davomida chaqiriluvchining mahalla va jamiyatda tutgan o‘rni, oilaviy ahvoli, obro‘-e’tibori, yurish-turishi, qiziqishlari, yurtimiz tarixi, buyuk sarkardalar, ajdodlarimiz hayoti va faoliyatiga oid bilimlari aniqlanadi.

Amaldagi qonunga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim maktablari, o‘rta maxsus o‘quv yurtlari o‘quvchilari, shuningdek, oliy ta’lim muassasalarida kunduzgi ta’lim yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarning chaqirilish muddati o‘qishni tamomlaguniga qadar kechiktiriladi.

Boshqa chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish tuman, shahar chaqiruv komissiyasining qarori asosida ularning oilaviy sharoiti va salomatligiga ko‘ra amalga oshiriladi.

Bugungi kunda muddatli harbiy xizmatga saralash va tanlash ishlari Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 apreldagi “Chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida tashkil qilinmoqda. Bu borada shaffof­lik va ochiqlikni ta’minlash maqsadida chaqiriluvchilarning ota-onalariga o‘tkazilayotgan tanlov tadbirlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

Yangicha tartibga ko‘ra, muddatli harbiy xizmatga chaqirish mavsumi boshlangach, muddatli harbiy xizmatga saralash va tanlashni amalga oshirish uchun tuman va shahar mudofaa ishlari bo‘limlarida butlash komissiyasi, viloyat miqyosida rahbariyat kengashi tuziladi. Butlash va rahbariyat kengashi a’zoligiga Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari, Milliy gvardiya, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirlik­lari xodimlari jalb etildi. Ular saralash va tanlov ishlarida to‘liq qatnashdi.

Joriy yilda ham tibbiy komissiyada faqat sog‘liqni saqlash boshqarmalari tomonidan ajratilgan vrachlar emas, harbiy gospital vrachlari chaqiriluvchilarning sog‘liq darajasini aniqlab beradi.

Yo.Gadoyev.