Yil oxirigacha 4200 nafar o‘zbekistonlik Rossiyadagi qurilishlarga ishga joylashtiriladi

Rossiya Federatsiyasidagi Neft va gaz ilmiy-tadqiqot va loyihalashtirish instituti raisi o‘rinbosari Denis Mishchenko boshchiligida Renaissance Heavy Industries va Yamata Yatirim İnşaat Turizm ve Ticaret Anonim Şirketi kompaniyalari vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Bu haqda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Delegatsiya a’zolari bilan Vazirlar Mahkamasining Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlarini himoya qilish masalalari va xalqaro iqtisodiy hamkorlik departamenti hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligida uchrashuvlar o‘tkazildi.

Uchrashuvlarda pandemiya sharoitida mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish, O‘zbekiston fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga tashkillashtirilgan holda ishga jalb qilish, ularga kasb va til o‘rgatish kabi masalalar muhokama etildi.

Ikki tomonlama muzokaralarda yil yakuniga qadar 4200 nafar fuqaroni yirik qurilish ob’yektlariga ishga jalb qilish, ular uchun qulay sharoitlar yaratish, transport, ishlash uchun hujjatlarni rasmiylashtirish, ish haqi va boshqa masalalar bo‘yicha keyingi vazifalar belgilab olindi.

Tashrif doirasida delegatsiya a’zolari Toshkent shahridagi ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish markazi va «Ishga marhamat» monomarkazi faoliyati bilan tanishdi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda vazirlik tizimidagi tashkilotlar rahbarlari va mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya shaklida yig‘ilish tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, 31 iyul kuni 144 nafar fuqaro tashkillashtirilgan holda Rossiyaning Amur viloyatidagi gazni qayta ishlash zavodi qurilishida ishlash uchun charter reys orqali uchib ketgan edi.