Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori kamaytirilmoqda, “bluetooth”, quloqchin va salondagi monitor uchun esa jarimalar bekor qilinadi
Ma’muriy huquqbuzarliklarning xavflilik darajasidan kelib chiqib, 5 ta modda sanksiyasi miqdori kamaytirilmoqda. Bu masala Senat yigirma birinchi yalpi majlisida ma’qullangan.
Senatning yigirma birinchi yalpi majlisida “Transport va moliya sohalaridagi ayrim huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun ma’muriy jazolar liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Unga ko‘ra, transport vositalari egalari tomonidan sug‘urta polisini olmaganlik yoki muddati o‘tgan sug‘urta polisi yoki sug‘urta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqarganligi uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda.
Senatorlar tomonidan qayd etilishicha, kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga “bluetooth”, quloqchin va boshqa qo‘lni band qilmaydigan garnituralar foydalanishga ruxsat berilmoqda.
Transport vositasi salonining old qismiga monitor (displey) o‘rnatish uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, shuningdek, transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni o‘lchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlab hisoblash joriy etilmoqda.
Bundan tashqari, yalpi majlisda
- yo‘lovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shug‘ullanganlik,
- pasport tizimi qoidalarini buzganlik,
- fuqarolar tomonidan valyuta qiymatliklarini noqonuniy olish yoki o‘tkazish uchun jarima miqdori kamaytirilmoqda.
“Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"da nazarda tutilgan yo‘l harakati sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan ma’muriy javobgarliklar miqdori hozirgi zamon talablari va xavflilik darajasiga to‘liq javob bermaydi”, deyiladi (https://senat.uz/uz/lists/view/3745) Senat majlisi axborotida.