Yo‘nalishli taksi – mikroavtobus va “Damas” haydovchilariga yo‘lovchi tashishga ruxsat berilgani yo‘q
Samarqand viloyati transport boshqarmasi barcha yo‘nalishli taksilar - mikroavtobus va “Damas” haydovchilarini karantin qoidalarni buzmaslikka chaqiradi.
O‘tkazilgan kuzatuvlar natijasiga ko‘ra, joylarda respublika maxsus komissiyasining qarorini noto‘g‘ri talqin qilish hollari uchramoqda. Joriy yilning 17 avgustidan boshlab jamoat transportiga yo‘lovchi tashish uchun ruxsat berildi. Biroq yo‘nalishli taksilarda, ya’ni mikroavtobus va “Damas”larda yo‘lovchi tashish hollari ko‘zga tashlanayapti. Biroq maxsus komissiya tomonidan joriy yilning 12 avgustida qabul qilingan qarorda ushbu faoliyat turiga ruxsat berilgani yo‘q.
Hurmatli haydovchilar! Maxsus komissiya tomonidan yo‘nalishli taksilarga ruxsat berilmagunga qadar yo‘lovchi tashish karantin qoidalarni buzish hisoblanadi. Buni yodda tuting. Karantin qoidalarini buzish esa tegishli tartibda jarimaga tortilishingizga sababchi bo‘lishi mumkin. Shuning uchun karantin davrida belgilangan talablarni buzmang.
Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi transport vazirligi tomonidan yo‘nalishli taksilar faoliyatini qayta tiklash borasida respublika maxsus komissiyasiga takliflar kiritilgan. O‘ylaymizki, bu takliflar albatta, ijobiy natija beradi.
Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.