Yo‘qolib qolgan 10 yoshli qizcha xabariga IIBB izoh berdi
- 25.02.2020 09:03
- 447
- O‘zbekiston
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri Sergeli tumani, Qo‘yliq-7 massivida yashovchi 10 yoshli qiz uydan chiqib, qaytib kelmagani haqida ma’lumot tarqadi.
Ushbu ma’lumotga Toshkent shahar IIBB izoh berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 10 yoshli M.M. 22 fevral kuni kech soat 17.00 da uyidan chiqib, qaytib kelmaganligi haqida uning otasi – 35 yoshli Mirzag‘ani Yu. xabar bergan edi.
Otasining aytishicha, ular qizini koyiganlari sababli M.M. xafa bo‘lib, uyidan yugurib chiqib ketgan. Qizning ota-onasi mustaqil qidiruvlardan so‘ng shu kuni soat 18.27 da 102 ga qo‘ng‘iroq qilishgan.
O‘smir qizning qidiruvida Sergeli tumani IIO FMB 6-son ichki ishlar bo‘limining barcha kuchlari ishga solingan. Soat 20.00 da Shukrona mahallasi katta profilaktika inspektori mayor Baxtiyor Eshmirzayev va profilaktika inspektori katta leytenant Xayrulla G‘aniyev qizning ota-onasi tomonidan taqdim etilgan surat yordamida uni o‘sha mahallaning o‘zida topishgan.