IIBB: Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi avtomagistrallar va hududiy chegaralar yopilmaydi
Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, telegram, facebook va boshqa ko‘plab ijtimoiy tarmoq kanallari orqali Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi avtomagistrallar, ichki yo‘llar va viloyat hududiy chegaralari yopilishi yoki yopilganligi haqida turli asossiz xabarlar tarqatilmoqda.
IIBB shuni ma’lum qiladiki, ushbu xabarlar mutlaqo asossiz bo‘lib, hozirda Toshkent viloyati hududidan o‘tuvchi barcha avtomagistrallar, ichki yo‘llar, shuningdek, viloyatning hududiy chegaralari ochiq.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali har xil turdagi dori vositalarini “viruslarga qarshi vosita” deb naqd yoki elektron pul o‘tkazish yo‘li bilan sotuvga qo‘yilgani kabi yolg‘on xabarlarga ishonib firibgarlarga aldanib qolmaslikka va hushyorlikka chorlaymiz.
Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, bu kabi tarqatilayotgan yolg‘on xabarlar yoki talab bilan uyingizga biror kimsa kelgan taqdirda “102” qisqa raqamiga yoki hududingizda faoliyat yurituvchi profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz.
Ma’lumki, koronavirus infeksiyasining keng tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida mamlakatimizda karantin e’lon qilingan. Mazkur vaziyatda davlat idoralarining asosiy vazifalaridan biri aholi o‘rtasida sarosimaga yo‘l qo‘ymaslik va qisqa muddat ichida mazkur infeksiyaning tarqalishiga qarshi kurashishdir. Shu bilan birga, aholi tinchligi va jamoat tartibini saqlagan holda jinoyatchilikning oldini olishdan iborat.
Shu o‘rinda yurtdoshlarimizga eslatib o‘tamiz, asoslanmagan ma’lumotlarga ishonmang va ularni tarqatmang, xabarlar bilan rasmiy manbalar orqali tanishing.
Barcha savollaringiz bo‘yicha alohida faoliyat ko‘rsatayotgan 1003 raqamli tezkor aloqa tarmog‘iga murojaat qiling. Aniq axborotni ijtimoiy tarmoqlardagi @koronavirusinfouz rasmiy manzilidan bilib olishingiz mumkin.