Yozgi Olimpiada-2020: “Tokio sari yo‘l”
2016 yilda XV yozgi Paralimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida dzyudo bo‘yicha 66 kilogramm vazn toifasida ishtirok etgan urgutlik O‘tkir Nig‘matov barcha raqiblaridan ustun ekanligini isbotlab, oltin medalni qo‘lga kiritgandi.
– Sportda g‘alabaga osonlik bilan erishib bo‘lmaydi, – deydi polvon O‘.Nig‘matov. – Buning ortida mashaqqatli mehnat, kuchli iroda yotadi. Musobaqada ham har bir raqibimning o‘ziga xos uslubi, irodasini ko‘rdim. Xalqimizning duosi, ularning qo‘llab-quvvatlashi meni rag‘batlantirdi, g‘alabaga yetakladi.
Final bosqichiga qadar barcha raqiblaridan ustun kelgan sportchimiz hal qiluvchi bahsda ozarbayjonlik Bayram Mustafoyev bilan gilamga chiqdi. Murosasiz kechgan bellashuvda O‘tkir Nig‘matov raqibini “ippon” bahosi (sof g‘alaba) evaziga mag‘lubiyatga uchratib, chempion bo‘ldi. Natijada hamyurtimiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarilib, yurtimiz bayrog‘ini baland hilpiratdi.
Ayni kunlarda sportchimiz Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan dunyodagi eng nufuzli musobaqalaridan biri Paralimpiya bahslarida ishtirok etish uchun qizg‘in tayyorgarlik olib boryapti.
Bahriddin XONKELDIYEV.