YPX xodimiga 1 million so‘m pora bergan fuqarolar ushlandi
2020 yil 24 yanvar kuni soat 03:40 da Samarqand viloyati IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi bo‘linmalari yo‘l-patrul xizmati bataloni, to‘rtinchi otryadi xodimlari tomonidan Kattaqo‘rg‘on tumani Samarqand ko‘chasining ichki yo‘lida xizmat olib borayotganda “Kamaz-5320” rusumli, 30 V 397 DA davlat raqam belgili (transport vositasi Urgut tumani Pochvon MFYda yashovchi, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro A.F. tegishli) yuk tashuvchi transport vositasi to‘xtatiladi.
YPX xodimlarining haydovchidan tegishli hujjatlarini taqdim qilishi so‘ralganda haydovchi o‘zini Urgut tumani Pochvon MFYda yashovchi, 2000 yilda tug‘ilgan J.R. deb tanishtiradi. Lekin avtomashina hujjatlari, ya’ni transport vositasini qayd etish guvohnomasi, haydovchilik guvohnomasi, ishonchnomasi va majburiy sug‘urta polisi yashash uyida qolib ketganligini ma’lum qilgach, YPX inspektorlari tomonidan unga nisbatan UZ№19-30-290616-raqamli ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtomashina jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
2020 yil 24 yanvar kuni soat 16:00 lar atrofida Kattaqo‘rg‘on tumani Mullakichkina MFYda joylashgan viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati bataloni, to‘rtinchi yo‘l-patrul xizmati otryadi ma’muriy binosiga, yo‘l-patrul xizmati ma’muriy amaliyot katta inspektori vazifasini bajarayotgan katta serjant A.Normurodovning oldiga haydovchi J.R. keladi. U jarima maydonchasida saqlanayotgan “Kamaz-5320” rusumli yuk avtomashinasini chiqarib berishni so‘rab, 600.000 so‘m miqdoridagi pullari borligini, keyin yana 400.000 so‘mni berishini bildirib, pora taklif qiladi.
Katta serjant A.Normurodov unga bu harakati noqonuniyligi, pora olish-berish jinoyat ekanligini tushuntirishiga qaramasdan, J.R. 25 yanvar kuni kelishini aytib chiqib ketadi. Katta serjant A.Normurodov haydovchi J.R. bilan bo‘lgan o‘zaro suhbatini “Iphone” rusumli telefon apparatiga yozib olib, DVD diskka ko‘chiradi va viloyat IIB boshlig‘ining nomiga tezkor tadbir o‘tkazishni so‘rab murojaat qiladi.
Tekshiruv davomida fuqaro J.R.ga “Kamaz-5320” rusumli
yuk tashuvchi transport vositasini boshqarish uchun ishonchnomasi mavjud emasligi, unga 2018 yil 19 iyul kuni “V,S” toifadagi transport vositalarini boshqarish huquqi bilan AAS2420746 raqamli haydovchilik guvohnomasi berilganligi aniqlandi.
2019 yil 25 yanvar kuni katta serjant A.Normurodovning bildirgisiga asosan IIV O‘z xavfsizligi boshqarmasi va IIV O‘XB viloyat bo‘yicha bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida haydovchi J.R., avtomashina egasi A.F amakisining o‘g‘li, 1992 yilda tug‘ilgan, Urgut tumani Pochvon mahallasida yashovchi X.Sh. ushbu avtomashinani jarima maydonchasidan chiqartirib berishga yordam berishini so‘rab, soat 13:30 larda katta serjant A.Normurodovning xizmat xonasida, X.Sh. tomonidan 1.000.000 so‘m pullarni pora sifatida bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Mazkur holat yuzasidan Departamentning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘yicha bo‘limi xodimlari tomonidan hodisa sodir bo‘lgan joy ko‘zdan kechirilib, holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilmoqda.
Samarqand viloyati IIB YHXB axborot xizmati.