Yurtimizda qishki sport turlarini rivojlantirishda Rossiya tajribasidan foydalaniladi

Ayni paytda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi O.Qosimov xizmat safari bilan Rossiyaning Moskva shahrida bo‘lib turibdi. Safardan ko‘zlangan maqsad yurtimizda qishki sport turlarini rivojlantirishda ushbu mamlakat bilan hamkorlik qilish borasida Rossiya Olimpiya qo‘mitasi (ROQ) va Qo‘mita innovatsion markazi rasmiylari bilan muzokaralar olib borishdir.

Suhbat davomida terma jamoalarimizni ham yozgi, ham qishki Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash borasida hamkorlikni kuchaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.

Sentyabr oyida MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari Olimpiya qo‘mitalarining navbatdagi forumi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tashrif davomida mazkur tadbirni O‘zbekistonda tashkil qilish orqali unga xorijlik martabali mehmonlar va rasmiy shaxslarni taklif qilish bo‘yicha ijobiy kelishuvga erishildi. Muzokarada tomonlar bo‘lajak forum dasturini shakllantirish borasida kelishib olindi. Shuningdek, rossiyalik mutaxassis MOQ rahbarlarining O‘zbekiston poytaxtida bo‘lib o‘tadigan sammitini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalarini muhokama qilish uchun XOQning Olimpiya birdamligi loyihasi doirasida muzokara olib boradi.

Shuningdek, O‘zbekiston tomonining yurtimizda qishki sport turlarini rivojlantirish bilan jiddiy shug‘ullanish niyatida ekanligi, bunga hukumat tomonidan katta e’tibor qaratilayotgani ma’lum qilindi. Bu borada avvalo, xokkey, short-trek, figurali uchish va tog‘ chang‘isi sport turlarini rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Ma’lumki, 2025 yil O‘zbekistonda yoshlar Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Musobaqaga tayyorgarlik jarayonida ko‘p tarmoqli sport inshootlarini qurish dasturi ishlab chiqilgan.

Rossiyalik mutasaddilar qishki sport turlarini mamlakatimizda rivojlantirish bo‘yicha o‘zbekistonlik murabbiylar va mutaxassislar bilan tajriba almashish, keng qamrovli amaliyotni tashkil etish, vakillarimizni Rossiya Xalqaro Olimpiya universitetida o‘qitish orqali yordam ko‘rsatishga tayyor ekanliklarini bildirdi.