Zarnews.uz’ga murojaat: “Zo‘ravonlik sabab tadbirkorligimni qilolmayapman”

Tahririyatga Samarqand tumanida yashovchi Davron Xolmurodovdan kelgan murojaat e’tiborimizni tortdi. Unda aytilishicha, kollejni bitirib, novvoylik boshlagan yosh tadbirkorga faoliyatini yuritish uchun yer maydoni ajratilgan.

Ammo yosh tadbirkorning qo‘lida barcha hujjatlari bo‘lishiga qaramay, ajratilgan yerda bir necha shaxs qarshiligi sabab faoliyatini boshlolmay kelmoqda. U tuman hokimligi, IIB, sudga ham murojaat qilgan. Uning foydasiga sud qarori ham chiqqan. Ammo natija bo‘lmagan. Hokimlik va IIBdan esa javob xatlari muntazam kelib turgan, xolos. Fikrimizcha, holatni viloyatdagi tegishli idoralar o‘rganib chiqishlari lozim.

Murojaat quyidagicha:

“Men 2017 yil kollejni tugatib tadbirkor sifatida rasmiy ro‘yxatdan o‘tib, non va non mahsulotlari ishlab chiqarish bilan shug‘ullana boshladim.

Yangi bitiruvchiman, kasbim bor, ammo faoliyatim uchun tayinli joyim yo‘q edi. Ancha vaqt ijarada ishladim. 2020 yil Samarqand tumani hokimi yoshlar bilan uchrashuviga qatnashib tadbirkorligimni kengaytirish maqsadida yer maydoni so‘ragan edim. Menga tuman hokimi qarori bilan “Yoshlar - kelajagimiz” davlat dasturi asosida Zaxlik mahalla hududidan non va non mahsulotlarini ishlab chiqarish sexi qurish uchun yer maydoni ajratildi.

Barcha kerakli hujjatlarni tayyorlab menga ajratilgan yer maydonida qurilish ishlarini boshladim. Ammo bu vaqtda mahalla raisi va shu mahallada yashovchi bir necha kishi qurilish qilishimga qarshilik qilmoqda. Keltirgan toshlarimni ham bosim va zo‘ravonlik bilan qurilish maydonidan oldirishdi. Qurilish qilayotgan yerni traktor bilan haydab tashlashdi.

Shu masala bilan ikki yil davomida Samarqand tumani hokimligiga, tuman IIBga murojaat qilib kelaman. Lekin natija yo‘q. Tinchgina tadbirkorligimni qila olmayman.

Hokimlik sudga murojaat qilishimni bildirdi. 2021 yil 16 dekabr kuni sud ham foydamga qaror chiqardi. Lekin hech narsa o‘zgargani yo‘q. Qo‘limda barcha hujjatlarim, sud qarori bo‘lsa ham shunchaki ishlagani qo‘yishmayapti. Kimga, qayerga murojaat qilishim kerak?

Nahotki, qonun emas, kimning qo‘l kuchi ko‘proq bo‘lsa o‘shaning aytgani bo‘ladi. “Tadbirkorga madadkorman” degan azamatlar bunday vaqtda qerga yo‘qolib qoladi, hayronman.

Eng yomoni, ish boshlash uchun o‘z vaqtida kredit ham olganman. Endi o‘zimga berilgan yerda ishlay olmaganim yetmaganidek, zo‘ravonlik sabab ishlata olmayotgan biznesim uchun qarzga ham botib boryapman.

Davron XOLMURODOV, Samarqand tumani, Navbog‘ mahallasi”.