Zarnews.uz’ga murojaat: Suv tarmog‘i yangilandi, ammo ta’minotdan darak yo‘q
Samarqand tumanining Jo‘yisoy mahallasida yashaymiz.
E’tirof etamiz, keyingi ikki yilda hududimizda aql bovar qilmas ishlar amalga oshirildi - eshkak eshish kanali atrofida zamonaviy shaharsozlik an’analari asosida Samarqand turizm markazi bunyod etilmoqda. Bu bunyodkorlik samarasida markaziy ko‘chamiz qayta qurilib, keng va ravon ko‘chaga aylandi. Yo‘l yoqasidagi elektr sim yog‘ochlar olib tashlanib, yer osti kabellari tortildi, transformatorlar yangilandi, ko‘cha bo‘ylab yoritkichlar o‘rnatildi. Tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi. Mahallamizning ichimlik suvi tarmoqlari ham yangi tarmoqqa ulandi.
Dastlabki vaqtlar normal bosimdagi suv uzluksiz kelib turdi. Ammo xursandchiligimiz uzoqqa cho‘zilmadi. Mana, bir oydan ziyod vaqt o‘tdiki, suv bir kun jimirlab kelsa, 3-4 kunlab kelmay qo‘yadi.
Har kuni fuqarolarimiz “Samarqand suv ta’minoti” korxonasiga telefon qilish bilan, navbatchilar xodimlarini mahallamizga jo‘natish bilan ovora. Lekin suv ta’minotida hech narsa o‘zgarmadi.
Bu sarsongarchilik qachongacha davom etadi?
Ortiq PARDAYeV,
mehnat faxriysi.