Ziroat Mirziyoyeva toshqindan jabr ko‘rgan Sirdaryo aholisi bilan uchrashdi

21 may kuni Ziroat Mirziyoyeva Sardoba suv ombori atrofidagi favqulodda vaziyat ro‘y bergan hududlarga tashrif buyurdi hamda suv toshqini bo‘lgan yerlardan evakuatsiya qilingan aholi bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston birinchi xonimi odamlarning ahvoli, salomatligi, vaqtinchalik yashash joylaridagi sharoit bilan tanishdi, ularga samimiy so‘zlar bilan dalda berdi.

"Tashqaridan tushkunlikka tushmang, bu kunlar o‘tib ketadi, deyish oson. Lekin hozir ichingizdan nima o‘tayotgani faqat sizga ma’lum! O‘g‘lim boshpanali bo‘lsin deb, o‘zingiz yemay, imorat ko‘targansiz. Qizimni to‘yiga deb, o‘zingiz kiymay, sarpo yiqqansiz. Hammasidan xabarimiz bor, ko‘rdik, eshitdik.

Eng muqaddas ayyomlardan biri – Hayit arafasida sizni yo‘qlashni, hech bo‘lmasa, bir og‘iz so‘z bilan dalda bo‘lishni ko‘nglimga tugib qo‘ygandim. Keling, shunday tabarruk kunlarda duoga qo‘l ochib, ezgu niyat qilaylik. Bu musibatlar, mashaqqatlar tezroq ortda qolsin. Har biringiz oila davrasida halovat va xotirjamlikda yashang, ilohim. Alloh xohlasa, hammasi yaxshi bo‘ladi. Biz yoningizda turamiz. Butun O‘zbekiston xalqi siz bilan! Prezidentimiz siz bilan!", dedi Ziroat Mirziyoyeva sirdaryoliklar bilan uchrashuv chog‘ida.

Tashrif chog‘ida "Zamin" fondi va O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining hamkorlikdagi ijtimoiy loyihasi e’lon qilindi. Ushbu loyiha Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 11 ta zarar ko‘rgan mahallalarda istiqomat qilgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Suv ostida qolgan hududlarni qayta tiklash va ulkan qurilish ishlari ketayotgan bir paytda aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishlarini ta’minlash maqsadida yoshi 60 yoshdan oshgan barcha qariyalar 10 kun davomida poytaxtda va Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlarida joylashgan sihatgohlar va dam olish maskanlariga, 7 dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa yozgi oromgohlarga bepul taklif etiladi. Yaqin kunlarda taklifnoma-sertifikatlar o‘z egalariga yetkaziladi.

Karantin talablarini inobatga olgan holda, aksiyaning barcha ishtirokchilari oldindan COVID-19 test-tekshiruvidan o‘tkaziladi. Hamma xavfsizlik choralari ko‘riladi.